Prezidentning tegishli qarori bilan Behzod Musayev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uning ushbu lavozimdan ozod etilishi boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan izohlangan. Musayev 2024-yilning sentabr oyida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga rahbar etib tayinlangan edi. Shu bilan birga, idora hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazildi.
Behzod Anvarovich Musayev 1973-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
2004-yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tadbirkorlik faoliyatini boshqarish mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi.
Mehnat faoliyatini 1995-yilda O‘zbekiston Milliy bankida boshlagan. 1998−2002-yillarda Moliya vazirligida ishlab, boshqarma boshlig‘idan bosh boshqarma boshlig‘i darajasiga ko‘tarilgan.
2010-yilda Davlat soliq qo‘mitasida faoliyat yurita boshlagan. 2010−2011-yillarda qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2018-yilning mart oyida ushbu lavozimga qayta taynilanib, o‘sha yilning may oyidan esa Davlat soliq qo‘mitasi rahbari bo‘lgan.
Musayev 2021-yil 11-noyabrdan 2023-yil 1-yanvargacha sog‘liqni saqlash vaziri sifatida ishlagan. 2024-yilning sentabrida Migratsiya agentligiga rahbar etib tayinlangungacha kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.
Avvalroq Spot Bo‘ka tumaniga yangi hokim tayinlangani haqida yozgan edi.