Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) Jizzax viloyatida quriladigan atom elektr stansiyasi qurilishining texnik nazoratini kuchaytirish va mustaqil ekspertizasini o‘tkazish maqsadida yetakchi xorijiy muhandislik kompaniyalari bilan qo‘shma korxona tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Ushbu taklif 2-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga stansiya va unga yo‘ldosh shaharcha qurilishining borishi to‘g‘risidagi taqdimot chog‘ida bildirildi. Yangi qo‘shma korxona loyiha hujjatlarini, uskunalarning muhim qismlarini va qurilish ishlari natijalarini mustaqil baholashi kutilmoqda.
O‘zatom agentligi maslahatchisi — Yig‘ma axborot, tahlil va strategik rejalashtirish bo‘limi rahbari Rozaliya Kamayevaning tushuntirishicha, bunday model texnik ekspertizani joriy qurilish-montaj jarayonlaridan to‘liq ajratish imkonini beradi.
“Bosh pudratchi qurilishni amalga oshiradi, biroq xavfsizlik uchun butun mas‘uliyatni o‘z xalqi va xalqaro hamjamiyat oldida faqatgina Buyurtmachi o‘z zimmasiga oladi. Respublika uchun joriy qurilish-montaj ishlaridan to‘liq ajratilgan holda loyiha yechimlarining kuchaytirilgan texnik nazorati va yuqori texnologiyali ekspertizasi zarur”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim “sifatni nazorat qilishning ikkinchi bo‘g‘ini"ga aylanadi, xalqaro kompaniyaning ishtiroki esa o‘zbekistonlik mutaxassislarga bir vaqtning o‘zida texnologiyalar va boshqaruv kompetensiyalarini o‘rgatish imkonini beradi. Ayni paytda qo‘shma korxona ishtirokchilarining tarkibi va uni tashkil etish muddatlari ishlab chiqilmoqda, shu bois aniq kompaniyalar nomi aytilmayapti.
AES qurilishi direksiyasi direktori Abdijamil Qalmurotovning ta‘kidlashicha, korxona qabul qilinayotgan yechimlar sifatini, ularning standartlarga muvofiqligini qo‘shimcha nazorat qilishi va murakkab texnik qismlarni o‘rganib chiqishi kerak.
“Bu qurilish jadvalini sekinlashtirish emas, aksincha, uni yashirin xatolardan himoya qilishdir. Bu yechim hozircha taklif bosqichida ekan, biz uni ishtirokchilar nomini e‘lon qilish bilan almashtirmaymiz. Avval model, so‘ng tarkib, shundan keyin esa ishga tushirish”, — dedi u.
Shu bilan birga, O‘zatom mingga yaqin tarmoq standartlarini milliy tizimga moslashtirishni rejalashtirmoqda. Agentlik va AES qurilishi direksiyasi vazifalarining kengayishi munosabati bilan ularning tashkiliy va kadrlar salohiyatini bosqichma-bosqich kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafoyev Direksiyada qo‘shimcha shtat birliklari joriy etilishini ma‘lum qildi. 2026−2027-yillarda O‘zatom va Direksiyaning xarajatlar smetasini yangi lavozimlar va to‘lovlarni hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.
“2026 va 2027-yillar davomida O‘zatom agentligi va [AES] qurilishi direksiyasining xarajatlar smetasi qayta ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha shtat birliklari hamda to‘lovlar masalalari belgilangan tartibda o‘z vaqtida hisobga olinadi”, — dedi Mustafoyev.
Shunga parallel ravishda bo‘lajak stansiya uchun kadrlar tayyorlanmoqda: operatorlar, muhandislar va radiatsiya xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislarni oldindan tayyorlash rejalashtirilgan. 2023-yildan buyon Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialini 216 nafar talaba tamomladi.
Spot, avvalroq, Qozog‘iston va Rossiya 2,4 GVt quvvatli Balxash AESi bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida yozgandi.
