3-sentabr kuni Rosatom davlat korporatsiyasi va Qozog‘iston atom elektr stansiyalari umumiy quvvati 2400 MVt bo‘lgan ikki energoblokdan iborat Balxash AESini qurish bo‘yicha EPC shartnomasini imzoladi. Stansiya Olmaota viloyati Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘i yaqinida joylashadi.

Shartnomaga ko‘ra, xalqaro konsorsium rahbari sifatida Rosatom loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlari — loyihalashtirish va uskunalar xarididan tortib, qurilish, ishga tushirish va stansiyani buyurtmachiga topshirishgacha bo‘lgan jarayonlar uchun javob beradi.

AESda har biri 1200 MVt quvvatga ega bo‘lgan ikkita 3+ avlod VVER-1200 reaktorini o‘rnatish rejalashtirilgan. Reaktorlarning xizmat muddati 60 yil bo‘lib, uni yana 20 yilga uzaytirish imkoniyati mavjud.

Mazkur texnologiya Rossiya, Belarus, Turkiya, Bangladesh, Vengriya, Misr va Xitoydagi obyektlarda qo‘llanilmoqda yoki joriy etilmoqda.

“Imzolangan hujjat Qozog‘iston bilan hamkorligimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Yaqin vaqt ichida „Rosatom“ loyihalash ishlarini amalga oshirishi va uskuna yetkazib beruvchi kompaniyalardan iborat xalqaro konsorsiumni shakllantirishi kerak”, — dedi davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov.

Hozirda bo‘lajak stansiya hududida 2025-yil avgustida boshlangan muhandislik-qidiruv ishlari davom etmoqda. Mutaxassislar chuqurligi 120 metrgacha bo‘lgan 60 dan ortiq quduq burg‘ilab, olingan namunalarni o‘rganmoqda.

Qidiruv ishlarini 2027-yilda yakunlash, shundan so‘ng energobloklarni qurishga ruxsat olish uchun hujjatlarni tayyorlashni boshlash rejalashtirilgan.

2025-yil 14-iyunda Rosatom Qozog‘istondagi birinchi yirik quvvatli AES qurilishi bo‘yicha xalqaro konsorsium rahbari etib belgilangan edi. O‘sha yil avgustida Olmaota viloyatida mamlakatning birinchi AESi qurilishi jarayoni boshlangan.

Shuningdek, joriy yil may oyida Qozog‘iston va Rossiya loyiha bo‘yicha hamkorlikning asosiy tamoyillari va shartlari, jumladan, stansiyani ekspluatatsiya qilish, texnik xizmat ko‘rsatish va yoqilg‘i yetkazib berish masalalari bo‘yicha kelishuv imzolagan.


Avvalroq Spot Jizzaxdagi $9,5 mlrdlik AES loyihasida mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 30% ga yetkazilishi haqida yozgandi.