Avvalroq Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Unda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, mutaxassislarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish muhimligi ta’kidlandi.

Buning uchun barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yangi uzluksiz kasbiy ta’lim tizimi joriy etiladi. Ta’lim provayderlari va dasturlari akkreditatsiyadan o‘tkazilib, jarayonlar raqamlashtiriladi.

Tizim kredit-modul tamoyiliga asoslanadi. Oliy ma’lumotli tibbiyot va farmatsevtika xodimlari har yili kamida 50 kredit, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari esa 28 kredit to‘plashi belgilanmoqda. Ushbu kreditlar davlat ro‘yxatidan o‘tish va kasbiy malakani tasdiqlashda hisobga olinadi.

Mutaxassisga ta’lim provayderi, dastur va o‘qish shaklini mustaqil tanlash huquqi beriladi. An’anaviy va masofaviy ta’lim, onlayn kurslar, ish joyida malaka oshirish, seminar va treninglar kabi turli shakllardan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy dastur va tadbirlarda olingan kreditlarni O‘zbekistonda tan olish mexanizmi ham joriy etiladi.

Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazini tashkil etib, unga ta’lim sifati, provayderlar va dasturlar akkreditatsiyasi, zamonaviy standartlarni joriy etish vazifalarini yuklash taklif qilindi.

Kasbiy ta’lim dasturlarida aholi orasida eng ko‘p uchraydigan va o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan kasalliklarga ustuvor e’tibor qaratiladi. Kardiologiya, shoshilinch tibbiy yordam va onkologiya yo‘nalishlarida yetakchi xorijiy hamkorlar bilan zamonaviy dasturlar ishlab chiqiladi.

Prezident tibbiy ta’lim, mustaqil baholash, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va uzluksiz kasbiy rivojlanishni o‘zaro bog‘langan yagona tizim sifatida shakllantirish muhimligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga yangi tartiblarni bosqichma-bosqich joriy etish, xalqaro standartlarni keng tatbiq qilish hamda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, eng avvalo, tibbiy xizmat sifati va bemorlar xavfsizligini oshirishga xizmat qilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Avvalroq Spot Rosatom Farg‘ona viloyatida tibbiy tajriba loyihasini ishga tushirishi mumkinligi haqida yozgan edi.