Ilon Mask yana AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining rasmiy maslahatchisiga aylanadi.

U Pentagon kelajakdagi urushlarni o‘rganishga qaratilgan loyiha deb ta’riflagan tashabbusga hamraislardan biri sifatida rahbarlik qiladi.

Mask avval Hukumat samaradorligini oshirish departamenti (DOGE)ni boshqargan. Uning rahbarligi ostida AQSHning federal idoralarida keng ko‘lamli shtat qisqartirishlari amalga oshirilgan. U 2025-yil may oyida ushbu lavozimni tark etgan.

Mask Project Meridian loyihasiga Anduril Industries mudofaa texnologiyalari kompaniyasining 34 yoshli hammuassisi Palmer Lakki va AQSH Vakillar palatasining Respublikachilar partiyasidan bo‘lgan sobiq spikeri, 83 yoshli Nyut Gingrich bilan birgalikda hamraislik qiladi.

Pentagon rahbari Pit Xegsetning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning maqsadi “kelajakka yangicha nigoh bilan qarash, qaysi sohalarda ustunlikka erishishimiz va qanday imkoniyatlarni egallashimiz kerakligini aniqlash"dan iborat.

Project Meridian tarkibiga xususiy sektor vakillari, innovatsiyalar sohasi mutaxassislari, olimlar va siyosatshunoslar orasidan saralangan ishtirokchilar kiritiladi. Xegset loyiha natijalari 120 kun ichida tayyorlanib, taqdim etilishini ma’lum qildi.


Avvalroq Spot Ilon Mask robotlar odamlar sonidan ko‘p bo‘ladigan yangi davrni bashorat qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek, Mask SI va robototexnika rivoji ishlab chiqarishni keskin oshirib, tovar va xizmatlar odamlar talabidan ortadigan davrni keltirib chiqarishi mumkinligini aytdi.