Ilon Mask sun’iy intellekt va robototexnikaning jadal rivojlanishi insoniyatni yangi davrga olib kelishi mumkinligini aytdi.
Bu davrda tovar va xizmatlar odamlar iste’mol qila oladigan miqdordan ancha ko‘p bo‘ladi. Bu haqda tadbirkor 25-sentabr kuni e’lon qilingan Xitoyning CGTN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Maskning fikricha, kelajakda shaxsiy robotlar deyarli barcha vazifalarni bajara oladi. Uning tasavvuriga ko‘ra, bir kishi yuzlab yoki hatto minglab jismoniy va raqamli mashinalarni boshqarishi mumkin. Bu esa alohida inson va butun iqtisodiyot samaradorligini bir necha baravarga oshiradi.
“Mening nazariyam shundan iboratki, aslida umumiy yuqori daromad davri keladi”, — dedi Mask. Uning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish shu qadar oshadiki, ma’lum bir vaqtda pulning odatdagi ahamiyati ham yo‘qolishi mumkin.
Tadbirkor buni robotlar inson mehnatiga xos ko‘plab cheklovlarga ega emasligi bilan izohladi. Inson uxlashi, ovqatlanishi, dam olishi, o‘qishi va nafaqaga chiqishi kerak, mashina esa uzluksiz ishlashi mumkin. Maskning qayd etishicha, robot haftasiga 168 soatgacha ishlay oladi.
Natijada ishlab chiqarish odamlarning umumiy talabidan oshib ketishi mumkin. Mask buni “mo‘l-ko‘lchilik davri” deb ataydi: resurslar va tayyor mahsulotlar shu qadar ko‘p bo‘ladiki, tanqislik asosiy iqtisodiy muammo bo‘lmay qoladi.
Mask misol sifatida qurilishni keltirdi. Uning ssenariysiga ko‘ra, inson uy yoki hatto qasr qurishni istasa, robotlar buyurtma asosida kerakli obyektni barpo eta oladi.
Bunda gap faqat standart mahsulotlarni ommaviy ishlab chiqarish haqida emas — mashinalar individual buyurtmalarni ham bajarib, inson tasavvur qila oladigan deyarli barcha narsani yaratishi mumkin.
Mask shuningdek, odamsimon robotlar soni keskin oshishini kutmoqda. Uning prognoziga ko‘ra, yaqin 10 yil ichida ularning soni kamida 1 milliardga, 15 yilda 10 milliardga, 20 yilda esa 100 milliardga yetishi mumkin.
Tadbirkor robotlardan faqat sanoatda foydalanilishini kutmayapti. Uning aytishicha, ular keksalarga qarash, bolalarni nazorat qilish, shaxsiy yordamchi va repetitor vazifalarini bajarishi mumkin. Hatto barcha inson vazifalari bajarib bo‘lingani sababli ayrim robotlarga ish topilmay qolishi ham mumkin.
Mask kelajak avlodlariga san’at, tabiiy fanlar, muhandislik va boshqa sohalarda keng bilim olishni tavsiya qildi. Uning fikricha, inson SI va robotlarga vazifalarni to‘g‘ri belgilash uchun atrofdagi dunyoni yaxshi tushunishi kerak.
“Umumiy yuqori daromad” g‘oyasi Mask uchun yangi emas. U avvalgi chiqishlarida ham avtomatlashtirish mehnatni ixtiyoriy faoliyatga aylantirishi mumkinligini aytgan.
2026-yilda esa SI sabab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ishsizlikni qoplash uchun aholiga davlat to‘lovlarini amalga oshirish g‘oyasini ilgari surgan.
Shu bilan birga, Mask robotlar yaratadigan boylikni odamlar o‘rtasida qanday taqsimlash mumkinligini aniq tushuntiruvchi iqtisodiy mexanizmni taklif qilmagan.
Uning prognozi asosan texnologik rivojlanishning ehtimoliy natijasini — ishlab chiqarish samaradorligining keskin oshishi va tanqislikning kamayishini tasvirlaydi.
Avvalroq Spot Ilon Mask 24/7 ishlaydigan raqamli xodimlarni ishga tushirgani haqida yozgandi.