O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari mart oyidagi pasayishdan keyin aprelda yana o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.
1-may holatiga ko‘ra, regulyator ixtiyoridagi xalqaro aktivlarning umumiy qiymati $70,89 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Zaxiralar bir oyda $1,9 mlrdga yoki 2,76% gacha oshib, mart oyidagi pasayishni qisman qopladi.
Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati $743,6 mln (+1,22%) ga ko‘payib, $61,59 mlrdga yetdi. Biroq oltinning fizik hajmi biroz kamayib, 13,3 mln troy unsiya (taxminan 413,7 tonna) ni tashkil etdi.
Aprelda regulyator 2025-yil sentabridan beri ilk bor tashqi bozorda oltin sotdi — oy davomida zaxiralar qariyb 0,1 mln unsiyaga (3,1 tonna) qisqardi.
O‘tgan oyda jahon bozorida oltin narxi asosan bir unsiya uchun $4600−4900 oralig‘ida tebrandi, biroq oy oxirida kotirovkalar $4550 gacha pasaydi.
Shuningdek, O‘zbekistonning valyuta zaxiralari ham sezilarli o‘sib, $1,15 mlrdga (+15,2%) yetdi va jami $8,72 mlrdni tashkil etdi. Bunda xorijiy markaziy banklar va XVJdagi valyuta zaxiralari miqdori o‘sish bilan $1,24 mlrd, xorijiy banklarda esa $5,92 mlrd bo‘lgan.
Markaziy bank xarid qilgan xorijiy qimmatli qog‘ozlar qiymati ham biroz oshib, $1,549 mlrdga yetdi. Lekin ularning umumiy zaxiralardagi ulushi 2,2% dan pasaydi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston olti oydan beri xorijga oltin sotmayotgani haqida yozgan edi.