O‘zbekiston olti oydan beri xorijga oltin sotmayapti Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Yanvar-mart oylarida eksport $5,8 mlrdni tashkil etdi, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 29,3% ga kam. Barcha yetkazib berishlarning qariyb 40%i xizmatlarga ($2,32 mlrd), keyingi o‘rinlarda sanoat tovarlari ($1,03 mlrd) va kimyo mahsulotlari ($613 mln) to‘g‘ri keldi.

Oltin eksportining to‘xtatilishi tufayli savdo balansining salbiy saldosi (eksport va import o‘rtasidagi farq) deyarli olti barobarga oshdi — o‘tgan yilgi $1,12 mlrddan $6,4 mlrdgacha.

2026-yil boshidan buyon yuqori jahon narxlariga qaramay (unsiya uchun $4500 dan $5500 gacha bo‘lgan oraliqda) oltin eksporti amalga oshirilmadi.Shu tariqa, O‘zbekiston qimmatbaho metallni ketma-ket oltinchi oy sotmayapti. 2025-yilning birinchi choragida oltin sotuvi $3,57 mlrddan oshgan edi.

O‘zbekiston so‘nggi marta o‘tgan yilning sentabr oyida $1,47 mlrdga oltin sotgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, qimmatbaho metallarni yetkazib berish yangi mutlaq rekord o‘rnatdi va $9,9 mlrddan oshdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati yanvar-mart oylarida 737 ming troya unsiyasi oltin ishlab chiqargan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 2,19% ga kamdir. Shu bilan birga, ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymati 58,3% ga o‘sib, 44 trln so‘mdan oshgan.

Mart oyida oltin-valyuta zaxiralari hajmi $8 mlrdga kamayib, $68,99 mlrdni tashkil qildi va yil boshidan buyon kuzatilgan deyarli barcha o‘sishni yo‘qqa chiqardi.

Markaziy bank omborlaridagi oltinning qiymati 2023-yil fevralidan beri ilk bor pasayib, $60,85 mlrdga (-10%) tushdi. Ayni paytda, uning fizik hajmi 9,3 tonnaga ko‘payib, 416,76 tonnaga (13,4 mln troya unsiyasi) yetdi.

So‘nggi olti oy ichida oltinning fizik zaxiralari 1,74 mln troya unsiyaga yoxud 54,1 tonnaga ko‘paygan.


Avvalroq Spot o‘zbekistonliklar bir yilda yarim tonnadan ko‘proq oltin quymalar sotib olgani haqida yozgandi.