Prezident 15-iyun kuni o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tan olish tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat Lex.uz portalida eʼlon qilindi.

Qonun yerga bo‘lgan huquqni rasmiylashtirish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish, soliq qarzdorligi tushunchasiga aniqlik kiritish hamda ijara huquqini tan olish uchun bir martalik to‘lov yukini yengillashtirish maqsadlarini ko‘zlaydi. U fevral oyida Qonunchilik palatasi tomonidan yakuniy o‘qishda qabul qilingan, may oyida esa Senat tomonidan maʼqullangan edi.

Xususan, ariza beruvchilar yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorligi BHMning 30 baravaridan (12,36 mln so‘m) oshmaydigan yer uchastkasini qonuniylashtira oladi. 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyungacha bo‘lgan davr uchun oshirilgan soliq stavkalarini qo‘llash bekor qilinadi.

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasini rasmiylashtirish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari uch baravarga — 150 ish kunidan 50 ish kunigacha qisqartirilmoqda. Shundan 20 kun Kadastr agentligi va boshqa davlat organlari tomonidan arizalar va hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun ajratiladi.

Shundan so‘ng mahalliy hokimliklar yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tan olish to‘g‘risidagi eʼlonni 10 ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirishi kerak bo‘ladi. Arizalarni ko‘rib chiqish uchun adliya organlariga yana 20 ish kuni beriladi.

Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar 99 yil muddatga rasmiylashtiriladi. Boshqa uchastkalar uchun ijara muddati 49 yilni tashkil etadi.

Ariza beruvchi soliq inspeksiyasi bilan tuzilgan kelishuvga asosan bir martalik yig‘imni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin. Agar yig‘imning 50%i qaror qabul qilingandan keyin 20 ish kuni ichida to‘lansa, ariza beruvchi qolgan summa miqdorida chegirmaga ega bo‘ladi.

Xususiy uy qurishda hujjatlardagi maydondan ortiqcha egallab olingan yer uchastkalarini tan olish soddalashtirilmoqda. Ariza beruvchi yerning bozor qiymati o‘rniga, joylashuvidan qatʼi nazar, qatʼiy belgilangan miqdorda bir martalik to‘lovni amalga oshiradi.

Qurilish taqiqlangan yer o‘zboshimchalik bilan egallangan taqdirda, kadastr organlari hududning bu qismini chiqarib tashlab, qolgan uchastkaga bo‘lgan huquqni tan olishi mumkin.

Shuningdek, kosmik suratlar yordamida yerning hamda undagi bino va inshootlarning holatini tekshirish tartibi qayta ko‘rib chiqildi. O‘zbekkosmosda obyekt qurilganini ko‘rsatuvchi suratlar mavjud bo‘lmasa, xulosa tuzish uchun uning qurilishidan oldingi va keyingi eng yaqin vaqtdagi kadrlardan foydalaniladi.

Bundan tashqari, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tan olish rad etilganda shikoyatlarni (apellatsiyalarni) ko‘rib chiqish soddalashtirilmoqda. Fuqarolarning vaqti va mablag‘ini tejash maqsadida shikoyatlarni sudgacha ko‘rib chiqish mexanizmi joriy etilmoqda.

Qaysi uchastkalarni qonuniylashtirish mumkin?

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarga nisbatan huquqlarni tan olish to‘g‘risidagi qonun prezident tomonidan 2024-yil avgustda imzolangan va shu yilning noyabrida kuchga kirgan. U obyektlarga nisbatan mulk huquqi yoki ijara huquqini tan olish asoslari va tartibini belgilaydi.

Fuqarolar quyidagi ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga (ijara va mulk huquqi asosida) qonuniy o‘tkazib olishi mumkin:

  • 2018-yil 1-may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2018-yil 1-may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e‘tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2021-yil 8-iyungacha (hokimlarning vakolati bekor qilingunigacha) tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer;
  • bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
  • kichik sanoat zonalari hududiga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
  • davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
  • hokim qarori bilan mulk huquqi e‘tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.

Qonuniylashtirish uchun uchastka hozirgi paytda nizo yoki auksion predmeti bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, ariza beruvchining yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha qarzi bo‘lmasligi lozim.

1998-yil 1-iyulgacha band qilingan yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun qonuniylashtirilayotgan uchastka maydoni 0,24 gektargacha bo‘lishi mumkin. Ushbu sanadan keyin 2018-yil maygacha egallangan yer uchastkasi Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida 6 sotixdan, boshqa joylarda 12 sotixdan oshmasligi kerak.

Uchastkalar, binolar va inshootlarni qonuniylashtirish uchun bir martalik yig‘im undiriladi:

  • Toshkent shahrida — BHMning 5 baravari (2,06 mln so‘m);
  • Nukus shahri va viloyat markazlarida — BHMning 3 baravari (1,236 mln so‘m);
  • viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda — BHMning 2 baravari (824 ming so‘m);
  • boshqa aholi punktlarida — BHMning 1 baravari (412 ming so‘m).

Qolgan hollarda bir martalik to‘lov tegishli hududdagi o‘rtacha auksion bahosi miqdorida to‘lanadi. I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yig‘im to‘laganlar to‘lovdan ozod qilinadi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilganlarga esa 50% chegirma beriladi.

Tafsilotlar bilan bu yerda tanishish mumkin.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yer ijarasi muddati 49 yilgacha uzaytirilishi haqida yozgandi.