Telegram kontent yaratuvchilari uchun “Digital Freedom Contest” tanlovini e’lon qildi.

Ishtirokchilarga raqamli erkinlik haqida video suratga olib, uni TikTok, Instagram, YouTube yoki X ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilish taklif etilmoqda.

Tanlovning mukofot jamg‘armasi $200 minggacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi. Videoroliklarni 15-iyul, Dubay vaqti bilan soat 23:59 gacha yuborish kerak. Telegram yakuniy natijalarni 2026-yilning avgust oyida e’lon qilishni rejalashtirgan.

Asosiy shart — video kamida 10 mingta “jonli” ko‘rishlar sonini to‘plashi kerak. Telegram past sifatli videolar va sun’iy ko‘paytirilganlikda gumon qilingan postlar tanlovdan chetlatilishi haqida alohida ogohlantiradi.

Ishda Pavel Durovning Oslodagi yillik Ozodlik forumidagi nutqidagi g‘oyalar va kadrlarning hech bo‘lmaganda bir qismidan foydalanish kerak.

Shu bilan birga, ishtirokchilarga raqamli erkinlik mavzusini targ‘ib qilishga yordam beradigan har qanday boshqa materiallar va g‘oyalarni qo‘shishga ruxsat beriladi.

Qayd etilishicha, til va vositalar bo‘yicha cheklovlar yo‘q. Bitta ijodkor turli platformalarda bir nechta video yuborishi mumkin.


Avvalroq Spot Telegramda navbatdagi yangilanishlar taqdim etilgaani haqida yozgandi.

Xususan, smart soat ilovalari, guruhlar uchun SI qo‘riqchi botlar va boshqa imkoniyatlar paydo bo‘ldi.