O‘zbekiston Malayziyaning Petronas kompaniyasi bilan neft-gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Vazir Jo‘rabek Mirzamahmudov V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida kompaniya maslahatchisi Tan Shri Muhammad Hassan bin Marikan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ikki davlat o‘rtasida neft-gaz va gaz-kimyo sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar neft-gaz tarmog‘ida amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar natijalarini muhokama qildi.
Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda uglevodorod resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.


Shuningdek, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, tajriba almashish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish hamda istiqbolli uglevodorod konlarini o‘zlashtirish, qazib olish va qayta ishlash loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Petronas universiteti negizida yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Spot, avvalroq, yil boshidan buyon O‘zbekistonda 5 mlrd kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarilgani haqida yozgandi.

