Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 5 mlrd kVt·soatga yetdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yangi ko‘rsarkichga 8-iyun kuni soat 13:00 da — avvalgi milliardlik ko‘rsatkichdan 25 kun o‘tib erishildi. Bungacha rekord natija 14-may kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda 1 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 24 kun kerak bo‘lgandi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 28% ga oshdi. Taqqoslash uchun: O‘zbekiston 2025-yilda 187 kun ichida 5 mlrd kVt·soat “yashil” energiya olgan edi.
Quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 3 mlrd 48 mln kVt⋅soat, shamol elektr stansiyalari tomonidan esa 1 mlrd 952 mln kVt⋅soat shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarildi.
2026-yilning boshidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 1,1 mlrd kVt·soat yoki 28% ga oshdi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari tufayli 1,3 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaldi. Shuningdek, atmosferaga 2,9 mln tonnadan ortiq zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi.
Gidroelektr stansiyalarini hisobga olganda, yil boshidan buyon qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 8 mlrd 120 mln kVt·soatni tashkil qildi.
Buning natijasida 2,1 mlrd kub metr gaz tejalib, atmosferaga 3,3 mln tonnadan ziyod zararli moddalar chiqishiga yo‘l qo‘yilmadi.
“Yashil” energiyaning hozirgi ishlab chiqarish hajmi 6,6 mln xonadonning o‘rtacha to‘rt yarim oylik ehtiyojini yoki 3,3 mln xonadonning yillik iste’molini qoplaydi, deb qayd etdi Energetika vazirligi.
O‘zbekistonda 2025-yil yakunlariga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarish 6,38% ga oshib, 86,7 mlrd kVt/soatga yetdi. Iste’molchilarga yetkazib berish hajmi esa 14% ga o‘sib, 77 mlrd kVt/soatdan oshdi.
Gidroenergetikani hisobga olgan holda “yashil” generatsiya 16,8 mlrd kVt/soatni tashkil etdi (+29%). Quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqarishi 2,1 barobarga oshib, ilk bor 10,5 mlrd kVt/soatdan oshdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan 3,2 mlrd kub metr gaz tejalib, 4,7 mln tonna zararli chiqindilar atmosferaga chiqarilishining oldi olindi.
Avvalroq ehtiyojmand oilalar uylari energiya tejamkor qilib taʼmirlanishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun jami 200 mlrd so‘m ajratiladi. Jarayonlar dastlab sinov tariqasida Navoiy viloyatida boshlanadi.