Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 4 mlrd kVt·soatga yetdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 2 mlrd 315 mln kVt⋅soat, shamol elektr stansiyalari tomonidan esa 1 mlrd 685 mln kVt⋅soat shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarildi.

Bundan 24 kun avval, 20-aprel kuni quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2026-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 3 mlrd kVt⋅soatni tashkil qilgan edi.

2026-yilning boshidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 898 mln kVt·soat yoki 29% ga oshdi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari tufayli 1 mlrd 66 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi. Shuningdek, atmosferaga 2,3 mln tonnadan ortiq zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi.

Gidroelektr stansiyalarini hisobga olganda, yil boshidan buyon qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 6,16 mlrd kVt·soatni tashkil qildi.

Buning natijasida 1,6 mlrd kub metr gaz tejalib, atmosferaga 3,4 mln tonnadan ziyod zararli moddalar chiqishiga yo‘l qo‘yilmadi.

“Yashil” energiyaning hozirgi ishlab chiqarish hajmi 4,4 mln xonadonning o‘rtacha to‘rt yarim oylik ehtiyojini yoki 1,6 mln xonadonning yillik iste’molini qoplaydi, deb qayd etdi Energetika vazirligi.

Bundan tashqari, 13-may kuni quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha rekord yangilandi. Ular bir kunda 62,4 mln kVt/soat yoki umumiy hajmning 29%ini ishlab chiqardi.

O‘zbekistonda 2025-yil yakunlariga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarish 6,38% ga oshib, 86,7 mlrd kVt/soatga yetdi. Iste’molchilarga yetkazib berish hajmi esa 14% ga o‘sib, 77 mlrd kVt/soatdan oshdi.

Gidroenergetikani hisobga olgan holda “yashil” generatsiya 16,8 mlrd kVt/soatni tashkil etdi (+29%). Quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqarishi 2,1 barobarga oshib, ilk bor 10,5 mlrd kVt/soatdan oshdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan 3,2 mlrd kub metr gaz tejalib, 4,7 mln tonna zararli chiqindilar atmosferaga chiqarilishining oldi olindi.

Avvalroq ehtiyojmand oilalar uylari energiya tejamkor qilib taʼmirlanishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun jami 200 mlrd so‘m ajratiladi. Jarayonlar dastlab sinov tariqasida Navoiy viloyatida boshlanadi.