Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 3 mlrd kVt·soatdan oshdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

20-aprel soat 16:00 holatiga ko‘ra, mamlakat elektr tarmoqlariga qayta tiklanuvchi manbalar hisobidan olingan 3,027 mlrd kVt·soat energiya yetkazib berildi.

Shundan qariyb 54%i (1,64 mlrd kVt·soat) quyosh fotoelektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri kelsa, qolgan 1,387 mlrd kVt·soati shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarildi.

20-mart kuni quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2026-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 2 mlrd kVt⋅soatni tashkil qilgan edi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari tufayli 807 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi. Shuningdek, atmosferaga 1,74 mln tonnadan ortiq zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi.

Gidroelektr stansiyalarini hisobga olganda, yil boshidan buyon qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 4,65 mlrd kVt·soatni tashkil qildi.

Buning natijasida 1,24 mlrd kub metr gaz tejalib, atmosferaga 2,67 mln tonnadan ziyod zararli moddalar chiqishiga yo‘l qo‘yilmadi.

“Yashil” energiyaning hozirgi ishlab chiqarish hajmi 5,8 mln xonadonning o‘rtacha to‘rt oylik ehtiyojini yoki 1,9 mln xonadonning yillik iste’molini qoplaydi, deb qayd etdi Energetika vazirligi.

O‘zbekistonda 2025-yil yakunlariga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarish 6,38% ga oshib, 86,7 mlrd kVt/soatga yetdi. Iste’molchilarga yetkazib berish hajmi esa 14% ga o‘sib, 77 mlrd kVt/soatdan oshdi.

Gidroenergetikani hisobga olgan holda “yashil” generatsiya 16,8 mlrd kVt/soatni tashkil etdi (+29%). Quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqarishi 2,1 barobarga oshib, ilk bor 10,5 mlrd kVt/soatdan oshdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan 3,2 mlrd kub metr gaz tejalib, 4,7 mln tonna zararli chiqindilar atmosferaga chiqarilishining oldi olindi.

Avvalroq ehtiyojmand oilalar uylari energiya tejamkor qilib taʼmirlanishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun jami 200 mlrd so‘m ajratiladi. Jarayonlar dastlab sinov tariqasida Navoiy viloyatida boshlanadi.