O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari sezilarli darajada kamaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari $63,75 mlrdni tashkil etdi. Bu bir oy avvalgiga nisbatan $6,82 mlrd yoki 9,67% ga kam. Pasayishning asosiy qismi oltin qiymatining kamayishi hisobiga yuz berdi, valyuta zaxiralari esa nisbatan kamroq qisqardi.

Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati $5,68 mlrdga (-9,25%) kamayib, $55,75 mlrdni tashkil etdi. Shu bilan birga, uning fizik hajmi bir oy oldingi 13,6 mln unsiyadan 13,88 mln troy unsiyasiga (taxminan 431,7 tonna) oshdi.

Iyun oyida jahon bozorida oltin narxlari pasaydi. Oltinning bir troy unsiyasining hisob-kitob qiymati oy boshidagi taxminan $4472 dan oy oxiriga kelib qariyb $4180 gacha kamaydi, bu taxminan 6,5% lik pasayishni tashkil etadi. Eng katta pasayish oyning uchinchi o‘n kunligida kuzatilib, kotirovkalar bir unsiya uchun vaqtincha $4000 dan ham pastga tushib ketdi.

Iyun yakuniga ko‘ra, valyuta zaxiralari $7,44 mlrdni tashkil etib, bir oyda $1,12 mlrd (-13,17%) ga kamaydi. Naqd valyuta va boshqa banklardagi depozitlar hajmi qariyb 19,8% ga qisqarib, $4,58 mlrd bo‘ldi. Shundan $1,95 mlrd boshqa davlatlar markaziy banklari va Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) hisoblarida, $3,39 mlrd esa xorijiy tijorat banklarida saqlanmoqda.

Markaziy bank balansidagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi esa deyarli o‘zgarmadi. Iyun oxirida u $2,89 mlrdni tashkil etib, bir oyda 0,29% ga oshdi. Boshqa zaxira tarkibiy qismlari kamaygani sababli ularning umumiy zaxiralardagi ulushi 4,49% ga yetdi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston oltin eksportini 4,3 barobarga qisqartirgani haqida yozgandi.