2026-yil yanvar-iyul yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston eksport qilganidan ancha ko‘proq tabiiy gaz import qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Yettti oyda Rossiya va Turkmanistondan tabiiy gaz importi 8,2% ga oshib, $1,1 mlrdni tashkil etdi. Shundan $105,4 mlni suyultirilgan gaz (propan) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Uning importi esa 3,6 baravar oshgan.

Yanvar oyida gaz importi $167,6 mln bo‘lgan. Fevralda bu ko‘rsatkich keskin kamayib, $34,6 mlnga tushgan. Martda import $158,3 mln, aprelda $147,8 mln, mayda $216,4 mln, iyunda esa yil boshidan beri rekord darajaga chiqib, $247 mlnni tashkil etgan. Iyul oyida import hajmi yana kamayib, $38,3 mlnga tushgan.

Gaz eksporti yil boshidan buyon 36,2% ga kamayib, $279,7 mlnni tashkil etdi. Yanvar oyida eksport to‘liq to‘xtatilgan va faqat fevralda $7,1 mln bilan qayta tiklangan.

Mart oyida eksport fevralga nisbatan besh baravardan ko‘proqqa oshib, $29,4 mlnga, aprelda yana uch baravar ko‘payib, $92,7 mlnga yetgan. May oyida eksport hajmi $73,5 mlngacha, iyunda $30 mlngacha kamaygan, iyulda esa $46,8 mlngacha oshgan.

Biroq Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlaridan sezilarli farq qiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston yanvar-iyul oylarida Xitoyga $258,3 mlnlik gaz eksport qilgan. Ikki mamlakat statistikasi o‘rtasidagi farq $21,4 mlndan oshadi.

Bundan tashqari, Xitoy bojxonasi O‘zbekistondan tabiiy gaz yetkazib berish sezilarli kamayganini ma’lum qildi. Iyul oyida eksport $79,03 mlnni tashkil etib, iyunga nisbatan 1,99 baravar, yillik hisobda esa 2,38 baravar kamaygan. 2025-yil yanvar-iyulidagi $463 mln bilan solishtirganda, gaz eksporti 44% dan ko‘proqqa qisqargan.

Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha Rossiya yetakchilik qilmoqda — yil boshidan buyon $5,49 mlrdlik gaz yetkazib bergan. Ikkinchi o‘rinda Turkmaniston — $4,72 mlrd, undan keyin Myanma — $865,2 mln, Qozog‘iston — $565,6 mln va O‘zbekiston — $258,3 mln turibdi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston aprel oyidan beri ilk bor $1,3 mlrdlik oltin eksport qilgani haqida yozgandi.