Uzbekistan Airports O‘zbekistonga havo transporti orqali olib kiriladigan qoramol, qo‘y va echkilarni qayta ishlash uchun yuk qabul qiluvchilarga maxsus imtiyozli tariflar joriy etdi. Bu haqda davlat kompaniyasi Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Yangi tariflar mamlakatning xalqaro aeroportlarida hayvonlarni qayta ishlash xizmatlari uchun yuk qabul qiluvchi tomonidan to‘lov amalga oshirilganda qo‘llaniladi.

Imtiyozlar samolyot qo‘nganidan keyingi asosiy xizmatlar — hayvonlarni qabul qilish va tushirish, joylashtirish hamda belgilangan aeroportda yukni qayta ishlash operatsiyalariga tatbiq etiladi.

“Bu qaror tadbirkorlarga aeroport xizmatlari xarajatlarini kamaytirish va hayvonlarni O‘zbekistonga yetkazib berishning umumiy qiymatini pasaytirish imkonini beradi”, — deyiladi Uzbekistan Airports tijorat departamenti xabarida.

Ayniqsa, yirik partiyalarda logistika xarajatlari import qilinadigan chorva mollarining yakuniy narxiga bevosita ta’sir qiladi.

Tariflar, ularni qo‘llash tartibi va xizmat ko‘rsatish shartlari haqida batafsil ma’lumot olish uchun yuk qabul qiluvchilarga O‘zbekistonning xalqaro aeroportlariga bevosita murojaat qilish tavsiya etiladi.

Imtiyozli tariflar 12-maydagi prezident qarorida ko‘zda tutilgan chorvachilikni rivojlantirish va chorva mollarini havo transportida olib kirishni rag‘batlantirish choralari doirasida joriy etildi.

Uzbekistan Airportsga ko‘ra, yangi tarif siyosati chorva mollarini havo orqali tashishni tadbirkorlar uchun yanada jozibador qiladi va mamlakat aeroportlarida yuk tashish yo‘nalishining rivojlanishiga xizmat qiladi.


Avvalroq Spot go‘sht importini samolyotda tashish bo‘yicha imtiyoz yil oxirigacha uzaytirilishi haqida yozgandi.