Avvalroq prezident raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda iqtisodiy barqarorlik uchun eng muhim masalalardan biri — inflyatsiya muhokama qilindi. Davlat rahbari bozorda tovar va xizmatlar taklifini ko‘paytirish orqali inflyatsiyani jilovlash vazifasi qo‘yilganini eslatdi.

Viloyat hokimlari yanvar-iyun oylarida inflyatsiyani 3% dan oshirmaslikni maqsad qilgan edi. Lekin Samarqand viloyatidan tashqari birorta hudud buni uddalay olmagan.

Aprel-iyun oylarida go‘sht narxi 6−8% ga ko‘tarilgani qayd etildi. Shu bois, import go‘shtni samolyotda tashish xarajatlarini qoplash uchun 300 mlrd so‘m ajratilgan. Poytaxt va Toshkent viloyatidan tadbirkorlar samolyotda 1,3 ming tonna go‘sht olib kelgani aytildi. Lekin boshqa hududlar bu borada yetarli tashabbus ko‘rsatmagan.

Davlat rahbari hokimlar va mas‘ullar go‘sht balansini viloyatlar kesimida qayta ko‘rib chiqib, qachon va qaysi davlatdan qancha go‘sht olib kelish bo‘yicha aniq reja tuzishi shartligini ta‘kidladi.

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari chorvachilikdagi haqiqiy holatni ko‘rsatib berdi. Ilgari ma‘lum qilingan raqamlarga nisbatan qoramollar soni 2,1 mln boshga, qo‘y va echkilar soni 1,5 mln boshga kam chiqdi.

Birgina Qashqadaryo viloyatida qoramollar soni 171 ming boshga, qo‘y va echkilar 288 ming boshga kamligi aniqlangan. Bu ushbu viloyat hisobidan bozorga 50 ming tonna go‘sht va 120 mln litr sut chiqmasligini anglatadi.

Chorvachilik loyihalari uchun may oyida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 1 trln so‘m ajratilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yana $50 mln yo‘naltiriladi.

Mazkur mablag‘lar hisobidan chorva kompleksi tashkil etishga 5 mlrd so‘mgacha, naslli qoramolchilik uchun 20 mlrd so‘mgacha 10% li kredit ajratiladi. Kreditlar 10 yil muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan beriladi. Yil yakunigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish vazifasi qo‘yildi.

Go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytiriladi.

Aprel oyida qabul qilingan prezident qaroriga muvofiq, 1-apreldan 1-avgustgacha go‘sht importi uchun havo tashuvi xarajatining 50%i (1 kg uchun $0,8 gacha), yil oxirigacha esa nasldor qoramol importiga 10% (har boshiga 4 mln so‘mgacha) subsidiya berilishi belgilangan.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda qiymati 100 trln so‘mlik davlat aktivlari savdoga chiqarilishi haqida yozgandi.