Avvalroq prezident raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yil boshidan 57 ta tarmoq va 76 ta hududiy korxona ishlab chiqarishni 11 trln so‘mga kamaytirgani qayd etildi.

Bosh vazir o‘rinbosariga viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari bilan o‘n kunda “korxonabay” tahlil o‘tkazish topshirildi. Har bir korxonada qanday muammo bo‘lsa, shu joyning o‘zida hal etiladi.

Sanoat kengashiga 133 ta korxonada yo‘qotilgan 11 trln so‘mlik ishlab chiqarishni qoplash bo‘yicha taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, hozir 22 trln so‘mlik 3 mingta davlat obyekti auksionda turgani aytildi. Hokimlarda davlat mulklarini sotish bo‘yicha tizim yo‘qligi tanqid qilindi.

Yaqinda yangi xususiylashtirish dasturi boshlanadi. Unga ko‘ra, 100 trln so‘mlik 1,3 mingta ko‘chmas mulk, 8 ming gektar yer maydoni va 66 ta korxonadagi davlat ulushlari savdoga chiqariladi.

Davlat aktivini olgan tadbirkor uchun avans to‘lovi 30% dan 15% ga kamaytiriladi. Qolgan summani foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

Hozir banklar balansida 9,3 trln so‘mlik 2 411 ta mol-mulk sotilmay turibdi.

Har bir obyektning bank balansida asosli turgani tahlil qilinadi. Xaridori bor, lekin sun‘iy ushlab turilgan obyektlar bo‘yicha qonun ustuvorligi ta‘minlanadi.

Ayrim hududlarda import eksportdan tezroq o‘sib borayotgani ham tanqid qilindi. O‘tgan yili import eksportga nisbatan Toshkent viloyatida $1,9 mlrdga, Samarqandda $1,4 mlrdga ko‘p bo‘lgan.

Andijonda bu farq $866 mln, Jizzaxda $792 mln, Buxoroda $662 mlnni tashkil etgan.

Davlat rahbari har bir hokim bunday holatni chuqur o‘rganishi va import o‘rnini bosuvchi hamda eksportbop ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha aniq chora ko‘rishi shartligini ta‘kidladi.

Spot, avvalroq, soliq tushumlarini oshirish rejasi atigi 40%ga bajarilgani haqida yozgandi.