Avvalroq prezident raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Soliq tushumlari bo‘yicha ham mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Yil boshidan soliq tushumi 27% ga ko‘payib, 130 trln so‘mdan oshdi.

Lekin qo‘shimcha tushum bo‘yicha yillik reja atigi 40% ga bajarilgan. Bu 12 trln so‘mni tashkil etadi. Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari soliq tushumi bo‘yicha korxonalar bilan yetarli ishlamayotgani tanqid qilindi.

Buxoro viloyati misolida aylanmasi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan 162 ta korxona ketma-ket uch yil faoliyatini zarar bilan yakunlagani uchun 1 so‘m ham foyda solig‘i to‘lamagani aytildi.

Shuningdek, 1,5 mingta korxona qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lamasdan, faqat QQSni chegirib yurgani qayd etildi. Shu bois, Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

1-iyuldan 498 ta yirik soliq to‘lovchi korxonadan soliq undirish vakolati viloyatlarga tushirib berilgani qayd etilib, endi birorta bahonaga o‘rin qolmagani ta‘kidlandi.

Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, viloyat soliq rahbarlariga mazkur korxonalar bilan yaqindan ishlab, soliqlar to‘liq hajmda yig‘ilishini ta‘minlash topshirildi.

Hozir 16 ta to‘qimachilik korxonasi kreditni qaytarish bo‘yicha sud jarayonlari cho‘zilayotgani sababli deyarli ishlamay turibdi. Ularning aksariyati yangi quvvatlar hisoblanadi. Buning oqibatida 5 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va $400 mlnlik eksport boy berilyapti.

Ayrim banklar tomonidan bunday korxonalar faoliyatini tiklash bo‘yicha ijobiy tajribalar borligi qayd etildi.

Masalan, Toshkent kotton korxonasiga tashqi boshqaruv guruhi kiritilib, faoliyati tiklangan va bu yil $10 mlnlik eksport qilingan.

Mutasaddilarga qolgan korxonalarga mas‘ullarni biriktirib, ishlab chiqarishni to‘liq tiklash topshirildi.

Spot, avvalroq, prezident bank va mahalla tizimi rahbarlari uch oyda natija ko‘rsatmasa lavozimidan ketishidan ogohlantirgani haqida yozgandi.