Avvalroq prezident raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda “mahalla yettiligi” ishini yangicha tashkil etish masalasiga alohida e‘tibor qaratildi. O‘tgan hafta bu borada barcha masalalar tushuntirilib, mas‘ullarga aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Bu borada Dolzarb 40 kunlik e‘lon qilinib, 2 mingta eng og‘ir mahallada ishlarni mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etish boshlandi.
Ushbu mahallalarda hokim, mahalla raisi va bandlik bo‘limi o‘rtasidagi uch tomonlama shartnomalar qayta ko‘rib chiqildi.
Hokimlar 2 mingta og‘ir mahallada elektr, gaz, yo‘l va suv masalalarini o‘z vaqtida hal qilishga shaxsan javobgar bo‘ladi.
Bandlik tizimi mas‘ullari ehtiyojmand aholini o‘qitish, ishga joylashtirish va daromadini oshirish maqsadida hududma-hudud yuradi.
Mahalla tizimi rahbarlariga 8 992 ta mahallada ko‘chalar va uylarni obod qilish, daraxt va ko‘chat ekish, ariqlarni toza tutish bo‘yicha aniq majburiyatlar yuklatildi.
Davlat rahbari banklarning mahalladagi ishidan mutlaqo norozi ekanini bildirdi. Shu bois, Markaziy bankning viloyatlardagi rahbarlari va davlat banklari filiallari boshliqlarining faoliyatiga qat‘iy e‘tiroz bildirildi.
Viloyat va tuman banklari hamda mahalla uyushmalari uchun bu yil sinov va amaliy attestatsiya yili bo‘ladi. Keyingi uch oyda natija qilgan rahbar ishida qoladi, o‘zgarish qilmagani esa lavozimini tark etadi.
Bosh prokuratura va Hisob palatasiga har bir mahallada qanday ish ketayotgani, qanday o‘zgarish bo‘layotganini nazorat qilish vazifasi qo‘yildi.
Shu bilan birga, mahallalarda ozodalik, yashash madaniyati va hovlilar bilan ishlash masalalari ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Hovli uylarni ham boshqaruv kompaniyalari faoliyati bilan qamrab olish muhimligi qayd etildi.
Spot, avvalroq, mahalla yettiligi loyihalariga 10 mln so‘mdan grant ajratilishi haqida yozgandi.