Shavkat Mirziyoyev raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari so‘zga chiqadigan rahbarlar faqat hisobot bilan cheklanmasdan, qanday yangi zaxiralar topgani, ularni ishga solish bo‘yicha qanday tizim tashkil etayotgani va yil yakunigacha qanday natijaga erishishini aniq tushuntirishi zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, global vaziyat o‘zgarib borayotgan hozirgi sharoitda har bir rahbar qo‘shimcha ssenariylar bilan ishlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yil boshidan mamlakat iqtisodiyoti 8,5% ga o‘sdi. Sanoatda 8%, xizmatlarda 16,9%, qurilishda 13,8%, qishloq xo‘jaligida 4,7% o‘sish ta‘minlandi.

Investitsiyalar hajmi $28 mlrdga, eksport $14,4 mlrdga yetdi. Nufuzli Fitch va Moody‘s xalqaro reyting agentliklari mamlakat suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi.

Shu bilan birga, davlat rahbari 40 mlnli aholi hayotini yaxshilash uchun 9−10% li iqtisodiy o‘sish zarurligini ta‘kidladi.

Yig‘ilishda hudud va tarmoq rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.

Ayrim hududlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish va investitsiya ko‘rsatkichlari bo‘yicha imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari hozirgi global tebranishlar sharoitida viloyat, tuman va shaharlarga tadbirkorlik hamda ijtimoiy infratuzilma loyihalari uchun mablag‘lar ko‘paytirib berilayotganini qayd etdi.

Shu bilan birga, har bir vazir va hokimning ishi odamlarning yashash madaniyatida sezilmasa, tadbirkorlarning og‘irini yengil qilmasa, bunday natija faqat “qog‘ozdagi raqam” bo‘lib qolishi ta‘kidlandi.

Oylik, choraklik va yillik rejasini bajarmagan birorta vazir, hokim yoki tarmoq rahbari bunday sharoitda xotirjam ishlashga haqli emasligi qat‘iy ko‘rsatib o‘tildi.

Spot, avvalroq, oltin narxlari oshgani hisobiga O‘zbekiston budjeti daromadlari rejadan 19% ga ko‘p bo‘lishi haqida yozgandi.