Moody‘s O‘zbekistonning suveren kredit reytingi darajasini yaxshiladi. Bu haqda agentlik rasmiy saytida xabar berildi.
Agentlik O‘zbekiston hukumatining uzoq muddatli emitent va ta‘minlanmagan qarz reytinglarini Ba3‘dan Ba2‘ga ko‘tardi. Reyting bo‘yicha prognoz esa “ijobiy"dan “barqaror"ga o‘zgartirildi.
Taʼkidlanishicha, reytingning Ba2 darajasiga ko‘tarilishi O‘zbekistonning institutsional va siyosiy bazasidagi barqaror yaxshilanishlarni, shuningdek, iqtisodiy va fiskal istiqbollar mustahkamlanib borayotganini aks ettiradi.
“Bu o‘zgarishlar siyosat samaradorligi ortib borayotganidan dalolat beradi va Ba2 kredit profili talablariga muvofiq mamlakatning tashqi shoklarga chidamliligini oshirdi”, — deyiladi maʼlumotda.
Qayd etilishicha, mazkur yaxshilanishlar barqaror va tobora diversifikatsiyalanayotgan iqtisodiy o‘sish — so‘nggi uch yilda real YIM o‘sishi o‘rtacha 6,9% ni tashkil etgani — qat‘iyroq fiskal intizom hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan majburiyatlarni boshqarishning kuchayishi bilan mustahkamlanmoqda.
Tarkibiy islohotlarning davom etishi, jumladan, boshqaruvni takomillashtirish, raqobatni kuchaytirish va davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish borasidagi sa‘y-harakatlar — bunga yaqinda Milliy investitsiya jamg‘armasining ikki tomonlama listingi yaqqol misol bo‘la oladi — O‘zbekistonning kredit profilini yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
“‘Barqaror‘ kutilmasi O‘zbekiston kredit profiliga oid xatarlar Ba2 darajasida asosan muvozanatlashgan degan qarashimizni aks ettiradi”, — deya qo‘shimcha qilindai xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, institutsional va siyosiy bazaning yana-da takomillashishi, islohotlarning izchil amalga oshirilishi va iqtisodiy diversifikatsiyaning kuchayishi yuqori o‘sish salohiyatini qo‘llab-quvvatlashi hamda fiskal profilni yana-da mustahkamlashi mumkin.
Bu, ayniqsa, davlatning iqtisodiyotdagi katta ishtirokini kamaytirish, raqobatni kuchaytirish va davlat korxonalari boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar davom etsa hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan majburiyatlar ustidan nazorat kuchayib borsa, yaqqol namoyon bo‘ladi.
“Salbiy tomondan esa, islohotlar va xususiylashtirish jarayonlarining murakkabligi hamda geosiyosiy keskinliklar kuchaygan bir sharoitda tashqi muhitning zaiflashuvi ularning kutilganidan sekinroq kechishiga olib kelishi mumkin”, — deyiladi Moody‘s xabarida.
Maʼlum qilinishicha, nazorat yaxshilanayotganiga qaramay, davlat korxonalari va DXSHlardan kelib chiqadigan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan majburiyatlar hajmi bazaviy prognozdan oshib ketishi, o‘z navbatida qarz traektoriyasini o‘zgartirishi yoki fiskal moslashuvchanlikni cheklashi mumkin.
Moody‘s hali ham davlat ustunlik qiladigan bank sektorida ham xatarlar yuzaga kelishi ehtimoli borligini bildirdi. Bu yerda davlat banklarining samarasiz restrukturizatsiyasi yoki xususiylashtirish jarayonidagi kapital tanqisligi suveren uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan majburiyatlarning ro‘yobga chiqishiga olib kelishi mumkin.
O‘zbekistonning milliy va xorijiy valyutadagi mamlakat reytinglarining yuqori chegaralari mos ravishda Ba1 dan Baa3 ga va Ba3 dan Ba2 ga ko‘tarildi.
Milliy valyutadagi yuqori chegara va suveren reyting o‘rtasidagi ikki pog‘onali farq, bir tomondan, hukumatning iqtisodiyotdagi katta ishtirokini va siyosatning, garchi yaxshilanayotgan bo‘lsa-da, zaif prognozlanuvchanligini aks ettiradi.
Boshqa tomondan, bu holat asosan imtiyozli shartlarda jalb qilingan mo‘tadil tashqi qarz hisobiga tashqi zaiflik xavfining o‘rtacha darajada ekani bilan qisman muvozanatlashadi.
“Xorijiy valyutadagi yuqori chegara va milliy valyutadagi yuqori chegara o‘rtasidagi ikki pog‘onali tafovut O‘zbekistonning nisbatan zaif pul-kredit va fiskal siyosat bazasini hamda stress holatlarida pul o‘tkazmalari va konvertatsiya bo‘yicha qo‘shimcha cheklovlarga duch kelishi mumkin bo‘lgan cheklangan kapital harakati rejimini o‘z ichiga oladi”, — deya xulosa qilinadi Moody‘s maʼlumotida.
Spot, avvalroq, Fitch O‘zbekiston kredit reytingi prognozini “barqaror"dan “ijobiy"ga yaxshilagani haqida yozgandi.