Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga 5% lik soliq solish taklifi yuzasidan tarqalgan xabarlar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.
Regulyatorning ta’kidlashicha, muhokamalarga sabab bo‘lgan taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida ilgari surilgan. Ilmiy-tadqiqot muassasalari xalqaro tajriba va iqtisodiy jarayonlarni o‘rganib, turli tahliliy g‘oyalarni ilgari surishi tabiiy ekani qayd etildi.
“Mazkur fikr ilmiy-tadqiqot natijalari taqdimoti doirasida bildirilgan bo‘lib, rasmiy taklif sifatida kiritilmagan”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Markaziy bank takliflarni o‘rganishda ularning moliyaviy resurslar qiymatiga, banklarning resurs bazasi hamda moliyaviy barqarorlikka ta’sirini kompleks baholashga alohida e’tibor qaratishini bildirdi.
Bundan tashqari, Fiskal tahlillar instituti ham mazkur taklif yuzasidan izoh berdi. Unga ko‘ra, omonatlar bo‘yicha foiz daromadlarini soliqqa tortish g‘oyasi uning ilmiy xodimlari tomonidan tayyorlangan tahliliy tadqiqot natijasi bo‘lib, Fiskal muloqotda ekspertlar va mutaxassislar o‘rtasidagi kasbiy muhokama uchun taqdim etilgan. U hech qanday rasmiy qaror, hujjat yoki qonun loyihasi maqomiga ega emas.
Shuningdek, institut bu taklif amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritilishini anglatmasligini qayd etdi. Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar faqat belgilangan tartibda, jamoatchilik va ekspertlar ishtirokida, tegishli davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqilib tasdiqlanishi mumkin.
“Ayni paytda jismoniy shaxslarning bank omonatlari bo‘yicha foizlari amaldagi qonunchilikka muvofiq, avvalgidek daromad solig‘idan ozod bo‘lib qolmoqda”, — qayd etildi institutda.
Shuningdek, tadqiqot xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish asosida tayyorlangani, uning maqsadi daromadlarning adolatli taqsimlanishiga ko‘maklashish, soliq tizimida turli daromad turlari o‘rtasidagi muvozanat va adolatlilikni ta’minlash imkoniyatlarini ilmiy jihatdan baholashdan iborat ekanligi ta’kidlandi.
Bunda taklif qilingan stavka dividend daromadlari bilan bir xil stavkada bo‘lishi va faqat olingan foiz daromadiga nisbatan tatbiq etilishi nazarda tutilgan. Institut omonatning asosiy (qo‘yilgan) mablag‘iga soliq solish masalasi ko‘zda tutilmaganini bildirdi.
“Bu kabi tahlillar turli ehtimoliy yondashuvlarni, ularning ijobiy va salbiy tomonlarini ochib berish uchun o‘tkaziladi”, — deyiladi xabarda. Institut kelgusida ham tadqiqotlarini ochiqlik, xolislik va fuqarolar manfaatlarini hisobga olgan holda davom ettirishini ma’lum qildi.
Nima taklif qilinmoqda?
Fiskal tahlillar institutining qayd etishicha, 1998-yildan buyon bank omonatlaridan olinadigan foizlar soliqqa tortilmaydigan yagona passiv daromad turi bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, boshqa passiv daromad turlariga allaqachon soliq qo‘llanadi: dividendlar — 5%, ijara daromadlari, royalti va kapital o‘sishidan olingan daromadlar esa 12% stavkada soliqqa tortiladi.
Tashabbus mualliflari omonatlar bo‘yicha foiz daromadlarini dividendlar bilan tenglashtirib, ular uchun ham 5% lik soliq stavkasini belgilashni taklif qilmoqda. Buning uchun Soliq kodeksining 381-moddasiga o‘zgartirish kiritish talab etiladi.
Taklif xalqaro amaliyot bilan asoslanmoqda. Taqdimotga ko‘ra, Qozog‘iston va Ozarbayjonda (10% dan), Hindistonda (10%), Indoneziyada (20%), Tailandda (15%), Germaniyada (26,4%) bank depozitlari bo‘yicha foizli daromad solig‘i amal qiladi, Turkiyada esa stavka 15% dan 40% gacha o‘zgarib turadi.
Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, 5% lik soliqning joriy etilishi davlat budjetiga qariyb 1,4 trln so‘m qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin. Hisob-kitob 2026-yil 1-may holatiga jismoniy shaxslarning 170,2 trln so‘m miqdoridagi depozitlari hajmi, o‘rtacha foiz stavkasi 16% va taklif etilayotgan soliq stavkasi 5% ga asoslangan.
Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar portali — AI Soliqni yaratgani haqida yozgan edi.