Soliq qo‘mitasi sun‘iy intellekt asosida ishlovchi AI Soliq platformasini ishga tushirdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ai.soliq.uz portali tadbirkorlar, buxgalterlar va korxona rahbarlariga tashkilot faoliyatini bir necha soniya ichida tahlil qilish, elektron hisobvaraq-fakturalarning “qizil” toifaga tushish sabablarini aniqlash, soliq reytingi, imtiyozlar hamda hisobotlar bo‘yicha tushuntirishlar olish imkonini beradi.
Barcha xizmatlar chat formatida ishlaydi va foydalanuvchilarga sodda hamda tezkor javoblarni taqdim etadi.
Portalda ilk bor Soliq qo‘mitasining sun‘iy intellekt yo‘nalishidagi asosiy ishlanmalari ham jamlangan. Xususan, unda Soliq LLM milliy til modeli, nutq va matn generatsiyasi, kompyuter ko‘rish (computer vision), shuningdek, Big Data va machine learning texnologiyalariga asoslangan yechimlar taqdim etilgan.
Qo‘mita ma‘lumotlariga ko‘ra, sun‘iy intellekt texnologiyalari bugungi kunda nafaqat soliq to‘lovchilar uchun xizmatlarda, balki soliq organlarining barcha bo‘g‘inlarida ham qo‘llanilmoqda.
Ular ma‘lumotlarni tahlil qilish, takrorlanuvchi jarayonlarni avtomatlashtirish, boshqaruv qarorlarini qabul qilish sifati va xodimlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Sun‘iy intellekt ekotizimini yaratish va rivojlantirish Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov tashabbusi bilan tashkil etilgan Sun‘iy intellekt laboratoriyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Laboratoriya soliq ma‘muriyatchiligi uchun AI yechimlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha yagona markaz hisoblanadi.
Soliq qo‘mitasi kelgusida ham sun‘iy intellekt asosidagi xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va soliq to‘lovchilar uchun raqamli servislarni rivojlantirishni davom ettirishini ma‘lum qildi.
Spot, avvalroq, Mubin Mirzayev 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida yozgandi.