Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevga 8 yil 2 oy qamoq jazosi tayinlandi.
27-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev va yana to‘qqiz nafar shaxsga oid jinoyat ishi bo‘yicha hukm e’lon qilindi.
Sud hukmiga ko‘ra, Mirzayev Jinoyat kodeksi 168-moddasi 4-qismining “a” bandi (firibgarlik), 205-moddasi 2-qismining “a” bandi (mansab vakolatini juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda suiiste’mol qilish) va 208-moddasida (hokimiyat harakatsizligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Unga nisbatan 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilgan holda 8 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Boshqa sudlanuvchilar (ular orasida muqaddam bir necha marta sudlanganlar ham bor) Jinoyat kodeksining 141−2-moddasi (shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 184-moddasi (soliqlarni yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va boshqa moddalarning tegishli qismi va bandlari bilan aybdor deb topilib, 5 yildan 9 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.
Sud, shuningdek, yetkazilgan zararlarni undirishni belgiladi. Tayinlangan jazolar sudlanuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan kundan boshlab hisoblanadi.
Joriy yil 27-yanvar kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Soliq qo‘mitasi faoliyatidagi kamchiliklar, xususan, QQSni noqonuniy qaytarish holatlari va yashirin iqtisodiyot tanqid qilingan edi. Natijada, bu yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan, yetti yildan buyon qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Mubin Mirzayev loqaydlik va mas’uliyatsizlik sabab ishdan olindi.
Mubin Mirzayev kim?
Mubin Muxidinovich Mirzayev 1969-yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1993-yili Toshkent davlat universitetini matematika mutaxassisligi, 2001-yili Toshkent moliya institutini moliya mutaxassisligi, 2002-yili Yaponiya siyosiy fanlar milliy institutini iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlagan.
Mirzayev mehnat faoliyatini 1993-yilda Toshkent davlat universitetida boshlagan. 1994−1996-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti tadqiqotchi-stajori, aspiranti, 1996−2008-yillarda Markaziy bank ikkinchi toifali iqtisodchisi, birinchi toifali iqtisodchisi, yetakchi iqtisodchisi, bo‘lim boshlig‘i, departament direktori o‘rinbosari — boshqarma boshlig‘i, departament direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2008-yildan 2017-yilgacha Moliya vaziri o‘rinbosari, 2017-yildan 2018-yilgacha Iqtisodiyot vazirining makroiqtisodiy siyosat, bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish va xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlash masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida samarali mehnat qilgan.
2018-yilning dekabr oyidan Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Mirzayev soliq xizmatining I darajali maslahatchisi unvoniga ega.
Mubin Mirzayev soliq tizimini strategik rivojlantirish, soliq ma’murchiligi va siyosatini takomillashtirish hamda biznes-jarayonlarni optimallashtirish uchun mas’ul bo‘lgan. U soliq tushumlarini prognozlash va nazorat qilish, yashirin iqtisodiyot va soliq xavflarini tahlil qilish, yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash hamda xalqaro reytinglarda O‘zbekiston pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtiradi.
Avvalroq Spot jiddiy kamchiliklar uchun HET rahbari Asrorjon Askarov ham lavozimidan ozod etilgani haqida yozgan edi.