O‘zbekistonda bank omonatlari foizlariga 5% miqdorida soliq joriy etish taklif qilindi. Bu haqda 30-iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Fiskal muloqotda ma’lum qilindi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Ushbu taklifni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti bildirmoqda.

Taqdimotda qayd etilishicha, 1998-yildan buyon bank omonatlaridan olinadigan foizlar soliqqa tortilmaydigan yagona passiv daromad turi bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, boshqa passiv daromad turlariga allaqachon soliq qo‘llanadi: dividendlar — 5%, ijara daromadlari, royalti va kapital o‘sishidan olingan daromadlar esa 12% stavkada soliqqa tortiladi.

Tashabbus mualliflari omonatlar bo‘yicha foiz daromadlarini dividendlar bilan tenglashtirib, ular uchun ham 5% lik soliq stavkasini belgilashni taklif qilmoqda. Buning uchun Soliq kodeksining 381-moddasiga o‘zgartirish kiritish talab etiladi.

depozitlar, omonatlar, soliqlar

Taklif xalqaro amaliyot bilan asoslanmoqda. Taqdimotga ko‘ra, Qozog‘iston va Ozarbayjonda (10% dan), Hindistonda (10%), Indoneziyada (20%), Tailandda (15%), Germaniyada (26,4%) bank depozitlari bo‘yicha foizli daromad solig‘i amal qiladi, Turkiyada esa stavka 15% dan 40% gacha o‘zgarib turadi.

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, 5% lik soliqning joriy etilishi davlat budjetiga qariyb 1,4 trln so‘m qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin. Hisob-kitob 2026-yil 1-may holatiga jismoniy shaxslarning 170,2 trln so‘m miqdoridagi depozitlari hajmi, o‘rtacha foiz stavkasi 16% va taklif etilayotgan soliq stavkasi 5% ga asoslangan.

Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar portali — AI Soliqni yaratgani haqida yozgan edi.