Farg‘ona anorchilik agrofirmasi rahbari Masturaxon Sayfutdinova BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning 100 Women Heroes ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

FAO bosh direktori Syuy Dun‘yuy Sayfutdinovaga yo‘llagan maktubida uning erishgan natijalarini e‘tirof etdi.

“Sizning yetakchiligingiz, fidoyiligingiz va erishgan natijalaringiz dunyo bo‘ylab yig‘ilgan eng sara nomzodlar ichida haqiqatan ham betakror va hayratlanarlidir”, — deyiladi Dun‘yuyning maktubida.

Masturaxon Sayfutdinovani taqdirlash marosimi 12−16-oktabr kunlari Italiyaning Rim shahridagi FAO bosh qarorgohida o‘tkaziladigan Butunjahon oziq-ovqat forumi doirasida bo‘lib o‘tadi.

Farg‘ona anorchilik agrofirmasi rahbari O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ushbu mukofot nafaqat unga berilgan baho, balki O‘zbekistondagi barcha ayollarga ko‘rsatilgan e‘tirof ekanini ta‘kidladi. Tadbirkor ushbu yutug‘i unga katta mas‘uliyat yuklashini qayd etgan.

“Olingan mukofot kuchimga kuch, yelkamga juda katta maʼsuliyat qo‘shadi. Prezidentimizning har bir chiqargan farmon, qarorlarining zaminida inson qadri yotadi. Respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun yana-da astoydil xizmat qilamiz”, — dedi Masturaxon Sayfutdinova.

Spot, avvalroq, bir guruh tadbirkorlar O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlangani haqida yozgandi.