Avvalroq Mustaqillikning 35 yilligi arafasida, 25-avgust kuni 72 ta yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.
Toshkent 2026-yilning sakkiz oyida $5,6 mlrd investitsiya jalb qildi. Yil oxirigacha poytaxt oldiga $9 mlrd sarmoya jalb etish maqsadi qo‘yilgan. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi obyektlarni foydalanishga topshirish marosimida ma‘lum qildi.
Taqqoslash uchun: 2024-yilda poytaxtga jalb qilingan investitsiyalar hajmi $2,7 mlrdni tashkil etgan edi. Umurzakov, shuningdek, Toshkent eksport hajmini $4 mlrdga yetkazishni rejalashtirilayoganini ma‘lum qildi.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda 14 ta loyiha, jumladan, to‘rtta sanoat va ikkita turizm loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Taxminan uch yildan so‘ng loyihalar to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, ular $3 mlrdlik mahsulot ishlab chiqarishi va $1,5 mlrdlik eksportni ta‘minlashi kutilmoqda.
“Bu ko‘rsatkichlar, hurmatli prezident, yuqori texnologiyali va yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan investitsiyalarni jalb etish borasidagi sa‘y-harakatlaringiz samarasidir”, — dedi hokim.
Umurzakov, shuningdek, prezident tomonidan 2024-yil noyabr oyida ochilgan Yangihayot tumanidagi Yangi avlod maxsus sanoat zonasining rivojlanishi haqida ham so‘z yuritdi. 2026-yil oxirigacha bu yerda umumiy qiymati $500 mlnlik yana 22 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Amirliklarning DP World kompaniyasining yangi rahbari prezidentga oktabr oyida logistika kompaniyasi poydevoriga tamal toshini qo‘yish taklifini topshirdi. Hokimning aytishicha, obyekt 120 mln tonna yuk va 150 ming konteynerga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘ladi.
“Ko‘p vaqtdan buyon tayyorgarlik qilyapmiz. U juda muhim biz uchun, kerak loyiha”, — dedi prezident.
Umurzakov hozirda sanoat zonasi joylashgan hududning rivojlanishini alohida qayd etdi. Uning ta‘kidlashicha, yaqin-yaqingacha bu yer sahro bo‘lgan, hozirda esa $1,2 mlrdlik loyihalar portfeli shakllantirilgan. 26 ta loyihadan 10 tasini 2026-yilda ishga tushirish mo‘ljallanmoqda.
Shuningdek, Umurzakov poytaxt ahli prezident tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni birinchilardan bo‘lib bajarish niyatida ekanini bildirdi.

Prezident, o‘z navbatida, Toshkentning natijalarini e‘tirof etib, shahar oldiga qo‘yilgan $9 mlrdlik investitsiya maqsadining ko‘lamini ta‘kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy vazifa aholi farovonligini va poytaxt nufuzini yuksaltirishdan iborat.
Spot, avvalroq, Qoraqalpog‘istonda $5,11 mlrdga uchta mayning va uchta data-markaz qurilayotgani haqida yozgandi.