Avvalroq Mustaqillikning 35 yilligi arafasida, 25-avgust kuni 72 ta yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayevning ma’lum qilishicha, so‘nggi 10 yilda hududda tadbirkorlar soni 2,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 500 barobarga oshgan. Bu haqda u Shavkat Mirziyoyev ishtirokida hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimida ma’lum qildi.
Orinbayevning ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘istonda erishilayotgan natijalar davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar natijasidir. U, shuningdek, investitsiyalarning hajmi hamda sifati oshayotganini qayd etdi.
“Oldinlari investorlar kelsa, u xoh katta, xoh kichik bo‘lsin, faqat investitsiya kiritsa, xursand bo‘lib yurardik. Hozir esa siz yaratib berayotgan imkoniyatlaringiz natijasida investorlarning ham, investitsiyaning ham sifat darajasiga alohida e’tibor qaratishga imkoniyat bo‘lyapti, muhtaram prezident”, — dedi Jo‘qorg‘i Kenges raisi.
Qoraqalpog‘istonda raqamlashtirish va yashil iqtisodiyot yo‘nalishlarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Orinbayevning hududni mayning zonaga aylantirish bo‘yicha qabul qilingan qaror bilan umumiy qiymati $5,11 mlrd bo‘lgan uchta mayning va uchta data-markaz qurilayotganini ta’kidladi.
Foto: Jo‘qorg‘i Kenges
Shuningdek, ACWA Power kompaniyasi bilan hamkorlikda hududda qiymati $3,3 mlrdlik yirik shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. O‘tgan yili $107 mlnlik Nukus I loyihasi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda $260 mlnlik Nukus II shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Orinbayev, shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi futbol infratuzilmasiga e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, prezident topshirig‘i bilan Aral futbol jamoasi va futbol akademiyasi uchun yangi majmua qurilgan. Jamoaga prezident sovg‘asi sifatida avtobuslar yetkazib berilgan va homiylik masalasi ham hal etilgan.
“Mana shunday kayfiyat, mana shunday niyatlar, mana shunday natijalar Qoraqalpog‘istonga yarashadi. Haqiqatda, Qoraqalpog‘iston qanday edi — o‘zing aytgan raqamlarni aytish oson, lekin buni shijoat, sabr va toqat bilan amalga oshirish — tushungan odam tushunadi buni. Lekin biz belimizni mahkam bog‘lab, Qoraqalpog‘istonda ham qilsa bo‘lar ekan degan ibora paydo bo‘ldi desam, bu ham adolatli”, — dedi prezident.
Avvalroq Spot Navoiy boshqa hududlardan 50 mingdan ortiq ishchi kuchini import qilayotgani haqida yozgandi.
