Avvalroq Mustaqillikning 35 yilligi arafasida, 25-avgust kuni 72 ta yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.
Navoiy viloyatida umumiy quvvati 2 GVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari boshlandi. Bu haqda viloyat hokimi Normat Tursunov prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi obyektlarni foydalanishga topshirish marosimida ma‘lum qildi.
Shuningdek, Nurota tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi va quvvati 150 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimi loyihasini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Uni viloyatdagi to‘rtta yirik korxona Xitoyning bir kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.
“Bugun Navoiy viloyatida umumiy quvvati 2 GVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari boshlanmoqda”, — deya xabar berdi hokim.
Tursunov sanoat ishlab chiqarishini mahalliylashtirish borasidagi ishlar natijalari haqida ham so‘z yuritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda 3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Hokim mehnat bozoridagi o‘zgarishlarni alohida ta‘kidladi. Uning aytishicha, prezidentning ishsizlikka qarshi kurashish, aholi daromadlarini oshirish va ishchi kuchini jalb etish bo‘yicha topshirig‘idan so‘ng Navoiy viloyatida boshqa hududlardan kelgan 50 mingdan ortiq kishi ishlamoqda.
“Bugun Navoiy viloyatida 50 mingdan oshiq boshqa hududdan kelib ham ishlashyapti”, — dedi hokim.
Ta‘lim sohasida viloyatda to‘rtta obyekt — bitta maktab va uchta bolalar bog‘chasi ochilishga tayyorlanmoqda. Tursunov prezident topshirig‘iga binoan viloyatda maktablardagi smenalilik koeffitsiyentini birgacha pasaytirishga erishilganini, ya‘ni o‘qish bir smenada tashkil etilganini ta‘kidladi.
Hokim, shuningdek, yaqinda Navoiy viloyatining 20 dan ortiq fuqarosi davlat mukofotlari bilan taqdirlanganini ma‘lum qildi. Mukofotlanganlar orasida “Jasorat” medalini olgan nogironligi bor qiz ham bor. Tursunov uning ko‘zida yosh bilan prezidentga minnatdorlik bildirganini qayd etdi.
Navoiy viloyati 2025-yil oxirigacha ishsizlik va kambag‘allikni to‘liq bartaraf etishni rejalashtirgandi. Viloyat hokimi Normat Tursunov o‘tgan yili prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida viloyatda ishsizlik va kambag‘allik haqida gapirish “uyat” ekanligini aytgandi.
Spot, avvalroq, 2026-yilning sakkiz oyida Namangan viloyatiga $3,2 mlrd investitsiya jalb etilgani haqida yozgandi.