Avvalroq Mustaqillikning 35 yilligi arafasida, 25-avgust kuni 72 ta yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.
2026-yilning sakkiz oyida Namangan viloyatiga $3,2 mlrd investitsiya jalb etildi. Yil yakuni bilan viloyat bu ko‘rsatkichni $5 mlrdga yetkazishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yangi obyektlarni foydalanishga topshirish marosimida ma‘lum qildi.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda viloyatga jalb etilgan investitsiyalar hajmi $4 mlrdni tashkil qilgan. Joriy yilgi maqsadga erishish uchun hududda aniq loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning yaqindagi davlat tashrifi chog‘ida umumiy qiymati $210 mlnlik uchta qo‘shma loyihaga start berildi.
“Viloyatimizga tashrif buyurganingizda ‘Namanganning birini to‘rt qilishga keldim‘, degansiz. Mana shu birini to‘rt qilishga bor kuch-g‘ayratimni safarbar qilib ishlashga va‘da beraman, hurmatli prezident”, — dedi u.
Abdurazzoqov energetika rivoji borasidagi ishlar haqida ham so‘z yuritdi. Qirg‘iziston bilan chegaradosh Uychi tumanida qiymati $200 mln bo‘lgan 200 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.

Bundan tashqari, Namanganda umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasi, Uchqo‘rg‘on, Norin va Uychi tumanlarida esa umumiy quvvati qariyb 300 MVtga teng gidroelektr stansiyalar barpo etildi. Pop tumanida quvvati 200 MVt bo‘lgan yana bir stansiya qurish rejalashtirilmoqda.
“Bitta narsaga amin bo‘lib, hamma qayta aytyaptiki, „O‘zbekistonda, Namanganda elektr uzildi“, degan gap odamlarning esidan chiqib ketdi”, — deya ta‘kidladi hokim.
Yo‘l infratuzilmasiga ham salmoqli mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Joriy yilning o‘zida viloyatda 1,3 ming km ichki yo‘llar ta‘mirlanmoqda. Abdurazzoqovning aytishicha, so‘nggi yillarda shunday yo‘llarning 6,4 ming kilometri asfaltlangan.
Umuman, 2026-yilda viloyatda barcha manbalar hisobidan 12 trln so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilmoqda.
“Sizga va‘da beramiz: yil yakuni bilan oldimizga qo‘ygan kambag‘allikdan chiqarish, ishsizlikni bartaraf qilish bo‘yicha topshiriqlarni bajaramiz”, — dedi hokim.
Shuningdek, Abdurazzoqov Namanganning madaniy va sayyohlik salohiyati rivojlanayotganini qayd etdi. 23-iyun kuni prezident 65 yil ichida ilk bor xalqaro darajaga olib chiqilgan Xalqaro gullar festivaliga tashrif buyurdi. Bundan tashqari, Namanganda birinchi marta davlat miqyosidagi Xalqaro maqom san‘ati forumi o‘tkazildi.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlarga guvoh bo‘layotgan keksa avlod vakillari viloyat nufuzi oshgani uchun prezidentga minnatdorchilik bildirishmoqda. Abdurazzoqov 2026-yil barcha sohalarda “Namangan yili” bo‘lishi kerakligini ta‘kidladi.
Spot, avvalroq, Jizzax viloyati bu yil $2,7 mlrd investitsiya jalb qilishi haqida yozgandi.