Avvalroq Mustaqillikning 35 yilligi arafasida, 25-avgust kuni 72 ta yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.

2026-yil yakuniga ko‘ra Jizzax viloyatiga kiritiladigan investitsiyalar hajmi $2,7 mlrdni tashkil etadi. Bu haqda viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi obyektlarni foydalanishga topshirish marosimida ma‘lum qildi.

Mustafoyevning ta‘kidlashicha, so‘nggi 10 yilda Jizzax viloyati iqtisodiyotining tarkibi o‘zgarib, asosan agrar hududdan sanoati rivojlangan mintaqaga aylandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi sanoat tarmog‘i avtomobilsozlik bo‘lgan, so‘ngra energetika rivojlangan. Kuni kecha ishga tushirilgan yangi korxona elektrotexnika sanoatiga tegishli. Shuningdek, viloyatda quyosh panellari va bug‘-gaz elektr stansiyasini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

“Mana 1996-yil Jizzax viloyatiga kelgan paytingizda biz yosh bola edik. Buni aytishimga sabab, mana paxta terim mavsumining oldida turibmiz. Kecha 300 ga yaqin mexanizatorni yig‘ib, mana shu mavsumda rag‘barlantirish, mavsumni to‘g‘ri tashkil qilish, o‘sha yerda bir odam siz ishlagan paytlaringizda o‘sha ekskavator haydagan. O‘shani esladi, minnatdorchiligimni ayting dedi, hurmatli prezident. O‘sha paytida ham, sizning insonlarga, oddiy xalqqa bo‘lgan e‘tiboringizni butun jizzaxliklar hammasi eslaydi”, — dedi hokim.

investitsiya, jizzax, prezident, shavkat mirziyoyev, ulug‘bek mustafoyev

Shuningdek, Mustafoyev bu yil Jizzax viloyati maktab bitiruvchilarining 40%i davlat oliy ta‘lim muassasalariga o‘qishga kirganini ma‘lum qildi. Xususiy va boshqa oliy o‘quv yurtlariga kirganlarni ham hisobga olganda, viloyat umumiy ko‘rsatkichni 51−52% ga yetkazishni rejalashtirmoqda. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, bu natijalar ta‘lim va ilm-fanga qaratilayotgan e‘tibor, shuningdek, maktab va bolalar bog‘chalari faoliyati bilan bog‘liq. U viloyat yoshlari prezident olib borayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlayotganini ta‘kidladi.

Prezidentning investitsiyalar hajmi haqidagi savoliga javoban Mustafoyev yil yakuni bo‘yicha avval aytilgan $2,7 mlrdlik ko‘rsatkichni tasdiqladi.

“Mana oqsoqollarni ko‘ryapman. Men ishlagan payti ikki so‘m qila olmasdik. Jizzaxda $2 mlrddan ko‘p investitsiya bo‘ladi deb birov ishonarmidi?”, — deya savol berdi Mirziyoyev.

Hokim, shuningdek, qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun mahalliy hokimiyat prezident belgilab bergan yo‘nalish bo‘yicha “kecha-yu kunduz” ishlashga va zarur sa‘y-harakatlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Spot, avvalroq, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov viloyatda 2026-yil oxirigacha kambag‘allik va ishsizlikni to‘liq bartaraf etish niyati borligini ma‘lum qilgani haqida yozgandi.