O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida 72 ta yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihasi, shuningdek, ijtimoiy sohaning 91 ta obyekti foydalanishga topshirildi. Obyektlarning umumiy qiymati qariyb 50 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Obyektlarni foydalanishga topshirish marosimi Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari hududiy studiyalardagi jamoatchilik vakillarini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

Prezidentning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yil davomida mamlakatda aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

“So‘nggi o‘n yil mamlakatimiz tarixiga yangi Uyg‘onish davri — Uchinchi Renessans poydevorini yaratish bosqichi sifatida abadiy muhrlandi”, — dedi Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 2,5 baravardan ko‘proq oshgan. Sanoatga $160 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilinib, umumiy qiymati $76 mlrd bo‘lgan 2163 ta yirik sanoat obyekti ishga tushirilgan. Qariyb 6 mln kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.

mustaqillik, shavkat mirziyoyev, ishga tushirish

Prezident mamlakat xomashyo eksportiga yo‘naltirilgan iqtisodiyotdan chuqur qayta ishlangan, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga bosqichma-bosqich o‘tayotganini ta’kidladi.

“Eng muhimi, yangi korxonalar bilan bir qatorda yangi texnologiyalar, yangi kasblar va yuqori malakali ish o‘rinlari paydo bo‘lmoqda”, — dedi u.

Faqat 2026 yilning o‘zida qiymati $1,7 mlrd bo‘lgan 56 ta yirik zamonaviy sanoat va xizmat ko‘rsatish obyekti foydalanishga topshirildi. Ularda 8,8 mingta yuqori maoshli ish o‘rni yaratildi.

Bundan tashqari, davlat budjetidan ajratilgan 46 trln so‘m hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bolalar bog‘chasi va 81 ta shifoxona qurildi, ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 7,5 ming km yo‘l hamda 3,2 ming km suv va kanalizatsiya tarmoqlari barpo etildi.

Yangi loyihalar

Bugungi marosim doirasida yangi investitsiya loyihalari energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, tog‘-kon, to‘qimachilik va yengil sanoat sohalarini qamrab oldi.

Sirdaryo viloyatida umumiy quvvati 1573 MVt bo‘lgan yangi generatsiya quvvatlari ishga tushirildi. Qoraqalpog‘istonda esa 200 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi va 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi faoliyatini boshladi.

Navoiy viloyatidagi yangi energetika loyihalari har yili 657 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

mustaqillik, shavkat mirziyoyev, ishga tushirish

Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlarida to‘qimachilik, trikotaj va gilamchilik sanoati korxonalari ham ishga tushirildi. Prezident matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, ular mamlakatning eksport salohiyatini millionlab dollarga oshiradi. Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi yangi metallurgiya korxonalari esa sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va import o‘rnini bosishga xizmat qiladi.

Bugun ishga tushirilgan loyihalar hisobiga jami 15 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Budjetga qo‘shimcha tushumlar yiliga 1 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.

Ijtimoiy obyektlar

Prezident yangi loyihalarni faqat investitsiyalar va eksport hajmi bilan baholash noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Yangi o‘quv yili arafasida mamlakatda zamonaviy ijtimoiy infratuzilma obyektlari ham foydalanishga topshirilmoqda.

Bugun 36 ta bog‘cha, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona ochildi.

Yangi Toshkentda 10 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” universiteti majmuasi qurilishi yakunlandi. Universitet 7 ming talabaga ta’lim berishga mo‘ljallangan.

Universitetda Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi tashkil etildi. Oksford universiteti bilan hamkorlikda esa davlat xizmatchilarining malakasini oshirish uchun ta’lim xabini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, 1-oktabrdan Sun’iy intellekt instituti ham faoliyat boshlaydi.

Yangi Toshkentda maydoni 30 ming kvadrat metr bo‘lgan yangi Milliy kutubxona ham ochildi. Besh qavatli bino bir vaqtning o‘zida 1,5 ming nafargacha kitobxonga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Kutubxonada 28 dan ortiq o‘quv xonasi va zallar, shuningdek, konferensiya zallari tashkil etilgan. Uning fondida 200 mingdan ortiq kitob mavjud.

Qarshi shahrida qiymati 400 mlrd so‘m bo‘lgan Iqtisodiyot va pedagogika universiteti majmuasi qurildi. Bu yerda 3 ming talaba tahsil olishi, yana 700 nafar aholi esa ish bilan ta’minlanishi mumkin.

Farg‘ona viloyatidagi yangi tibbiyot muassasasida yiliga 60 ming bemorni davolash va 30 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish imkoniyati yaratilgan.

Shavkat Mirziyoyev yangi loyihalarni amalga oshirishda investorlar, tadbirkorlar, quruvchilar, muhandislar va loyihachilarning hissasini alohida ta’kidladi.

“Siz kiritgan har bir investitsiya O‘zbekiston kelajagining poydevorini mustahkamlaydi. Siz yaratgan har bir ish o‘rni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqargan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Siz eksport qilgan har bir tovar O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi”, — dedi prezident.

Marosim yakunida davlat rahbari ramziy tugmani bosish orqali 72 ta yirik investitsiya loyihasi va ijtimoiy sohaning 91 ta obyektini foydalanishga topshirdi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 4,5% gacha pasaygani haqida yozgandi.

104 mingta mikroloyiha doirasida 246 ming aholining bandligi ta’minlandi. 2 750 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirildi.