Avvalroq Mustaqillikning 35 yilligi arafasida, 25-avgust kuni 72 ta yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov viloyatda 2026-yil oxirigacha kambag‘allik va ishsizlikni to‘liq bartaraf etish niyati borligini ma‘lum qildi. U bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakat hududlarida yangi obyektlarni ishga tushirish marosimida aytib o‘tdi.

“Mana bu yerda tarixchilar, oqsoqollar o‘tiribdi. Buxoroni 2,5 ming yillik tarixini ko‘targanda ham bugungi kundagidek rivojlanish bo‘lmagan”, — dedi u.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, islohotlar doirasida viloyat yalpi hududiy mahsulotni 10% ga oshirish majburiyatini olgan. Buxoro viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish uchun 12 trln so‘m miqdorida kredit resurslari ajratilgan.

Zaripovning ta‘kidlashicha, endi mahalliy hokimlarning vazifasi yaratilgan imkoniyat, imtiyoz va sharoitlardan foydalanib, joylardagi muammolarni hal etishdan iborat.

“Buxoroda yil yakunigacha kambag‘allik va ishsizlik bo‘lmaydi”, — deya va‘da berdi hokim.

botir zaripov, buxoro, ishsizlik, kambag‘allik, prezident, shavkat mirziyoyev

Zaripov turizm infratuzilmasini rivojlantirish va tarixiy obidalarni tiklash ishlariga alohida to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Mir Arab madrasasi, Ark qal‘asi va Minorai Kalonni restavratsiya qilish uchun mablag‘ ajratilgani xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Hokim, shuningdek, viloyatda amalga oshirilgan loyihalardan misollar keltirdi. Buxoro tumanida tadbirkorlar o‘zlarining homiylik mablag‘lari hisobidan muammoli maktabgacha ta‘lim muassasasini noldan qurib, bir oydan sal ko‘proq vaqt ichida foydalanishga topshirdi.

Bundan tashqari, qariyb bir asrdan beri tozalanmagan Jo‘ybor kanali 10 kilometr masofada betonlandi. Bu minglab gektar yer va xonadonlarni suv bilan ta‘minlash imkonini berdi.

Zaripov viloyat ahli prezident tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarishga va uning ishonchini oqlashga qat‘iy bel bog‘laganini ta‘kidladi. Prezident, o‘z navbatida, bir kun avval Buxoroda yoshlar va viloyat aholisi kayfiyatida ko‘rganlarini qayd etib, viloyatda yangi yo‘l va keyingi qadamlar uchun poydevor qo‘yilganini aytdi.

“Yo‘limiz to‘g‘ri. Ilohim, mana shu qilgan ishlarimizga ko‘z tegmasin, Buxoroyi sharif hammaga namuna bo‘lsin, sog‘-omon bo‘linglar”, — deya so‘ziga yakun yasadi Mirziyoyev.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda kambag‘al oilalar bilan individual ishlash tartibi kuchaytirilishi haqida yozgandi.