O‘zbekiston va Janubiy Afrika preferensial savdo bitimini tayyorlashni muhokama qildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Vazir Laziz Kudratov Janubiy Afrika savdo, sanoat va raqobat vaziri Parks Tau bilan videokonferensiya orqali muzokara o‘tkazdi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligini kengaytirish hamda ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

Xususan, joriy yilning kuzida 50 ga yaqin O‘zbekiston kompaniyasining Yoxannesburgga biznes missiyasini tashkil etish va Janubiy Afrika biznes vakillari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, hukumatlararo komissiya tashkil etish, savdo va investitsiyalarni himoya qilish bo‘yicha bitimlarni tayyorlash hamda preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim ustida ish boshlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar qo‘shma tashabbuslarni amaliy ishlab chiqishni davom ettirish va istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib oldi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston aprel oyidan beri ilk bor $1,3 mlrdlik oltin eksport qilgani haqida yozgandi.