Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, milliy valyutadagi bank omonatlari bo‘yicha foiz stavkalari ketma-ket uch oy davom etgan pasayishdan so‘ng yana o‘sishni boshladi.
Iyun oyi yakunida so‘mdagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha daromadlilik 17,6% ni tashkil etdi. Bu may oyiga nisbatan 0,5 foiz punktga yuqori, biroq o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 2% dan ko‘proqqa past.
May oyida omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari 17,1 foizgacha pasaydi, bu — 2022-yil fevralidan buyon kuzatilgan eng quyi ko‘rsatkichdir.
Bir yilgacha muddatga ochilgan omonatlar bo‘yicha daromadlilik may oyida 2020-yil oxiridan beri ilk bor 14,7% gacha pasaydi, iyunda esa 15,4% ga ko‘tarildi. Uzoq muddatli omonatlar bo‘yicha stavka esa ketma-ket uch oy davomida 18,1% darajasida saqlanib qoldi.
Jismoniy shaxslar uchun omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 19,2% ni tashkil etib, 2021-yil bahoridan beri eng past darajaga tushdi. Qisqa muddatli omonatlar bo‘yicha daromadlilik 16,6%, uzoq muddatlilar bo‘yicha esa 19,6% ni tashkil etdi.
Inflyatsion kutilmalar hisobga olingandan keyingi real foiz stavkasi may oyida rekord 8,7% ga yetgan bo‘lsa, iyun yakunida 8,3% gacha pasaydi. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,1 foiz punktga yuqori.
Yuridik shaxslar omonatlari bo‘yicha stavkalar mart-apreldagi keskin pasayishdan so‘ng tiklana boshladi. May oyida ular 15,2%, iyunda esa 15,3%ni tashkil etdi. Biroq bu hali ham o‘tgan yilgi darajadan 2,6% past.
O‘sish asosan bir yilgacha muddatli omonatlar bo‘yicha foizlarning ikki oy ichida qariyb 1 foiz punktga oshib, 14,8% ga yetgani hisobiga ta’minlandi. Uzoq muddatli omonatlar daromadliligi esa may oyidagi o‘sishdan keyin 15,5% gacha pasaydi. Shu bilan birga, real stavka ikki oyda 0,6 foiz punktga oshib, 4,9% ni tashkil etdi.
Xorijiy valyutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavka may oyida keskin oshib, 5,5% ga yetdi. Iyun oyida esa 4,5% gacha pasayib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan biroz past bo‘ldi.
Qisqa muddatli valyuta omonatlarida may oyida stavkalar 2,2% dan 5,4% gacha ko‘tarilgan bo‘lsa, iyunda yana 3% gacha tushdi. Bir yildan ortiq muddatli omonatlar bo‘yicha daromadlilik mayda 5,7% ga yetib, yoz boshida 5,5% gacha pasaydi.
Aholi uchun xorijiy valyutadagi omonatlar bo‘yicha so‘nggi ikki oyda o‘rtacha daromadlilik 5,3%ni tashkil etdi, uzoq muddatli omonatlar bo‘yicha esa 5,7% ga yetdi.
Biznes uchun o‘rtacha stavka may oyidagi 5,6% dan iyunda qariyb 1,5 baravar kamayib, 3,8%ni tashkil etdi.
Avvalroq Markaziy bank omonatlar foiziga soliq joriy etish bo‘yicha taklif rasmiy kiritilmagani haqida ma’lum qilingandi.