Senatning 18-yalpi majlisida “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonun ma‘qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun avvalgi yalpi majlisda takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga yuborilgandi.

Shundan so‘ng senatorlar va deputatlardan iborat kelishuv komissiyasi manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillari ishtirokida hujjatni qayta ishlab chiqdi.

Hujjatga ko‘ra, Enterprise Uzbekistan raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish va faollashtirish, uning chegaralarini o‘zgartirish, strategik boshqaruvni amalga oshirish hamda asosiy mansabdor shaxslarni tayinlash prezidentning farmon va qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Markazda moslashuvchan soliq va bojxona rejimini joriy etish, ayrim faoliyat turlarini soliqlardan ozod qilish, shuningdek, asbob-uskunalar, texnologiyalar va materiallarni olib kirish tartibini soddalashtirish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, markaz ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqarish uchun “yagona darcha” tashkil etish, intellektual mulk hamda investitsiyalarni himoya qilish kafolatlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali 2030-yilgacha O‘zbekistonda raqamli xizmatlar eksportini $5 mlrdga yetkazish hamda 300 mingdan ortiq yuqori daromadli yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.

Enterprise Uzbekistan

2024-yilning fevralida IT Parkda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etilishi bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingandi. Raqamli texnologiyalar sohasida tartibga solish qumdoni tashkil etilib, maxsus huquqiy rejim joriy qilinishi belgilangandi.

Prezident 2025-yilning noyabrida Enterprise Uzbekistan xalqaro raqamli texnologiyalar markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida farmonni imzolagandi.

Markaz ishtirokchilari quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishlari mumkin:

  • dasturiy taʼminotni ishlab chiqish;
  • raqamli texnologiyalar sohasida konsalting va autstaffing xizmatlari;
  • texnologiyalardan foydalangan holda masofaviy xizmatlar, shu jumladan biznes-autsorsing (BPO);
  • video o‘yinlarni (GameDev) ishlab chiqish va ular uchun o‘yin kontentini yaratish;
  • grafik, video va audio kontentni yaratish va tahrirlash;
  • sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va rivojlantirish;
  • maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash, bulutli tizimlar;
  • IT sohasida taʼlim.

Joriy yil martida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Enterprise Uzbekistan markazi uchun 2100-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etilishi aytilgandi. Tartibga solish “qumdoni” doirasida ish haqini xorijiy valyutada to‘lash va ma‘lumotlarni qayta ishlashda bulutli texnologiyalardan foydalanishga ruxsat berilishi taʼkidlangan.

Aprel oyida Qonunchilik palatasida “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingandi.