Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan natijalar va ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda 25 pog‘onaga ko‘tarilib, 62-o‘rinni egalladi. 2030-yilgacha mamlakatni ushbu reytingda dunyoning eng ilg‘or 50 davlati qatoriga kiritish maqsad qilingan.

Shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini $1,5 mlrdga yetkazish, infratuzilmani kengaytirish hamda 200 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda zamonaviy hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. O‘tgan oy “Raqamli hukumat” data-markazida AQShning NVIDIA texnologiyalari asosidagi superkompyuter ishga tushirilgani, u quvvati bo‘yicha jahon reytingida 321-o‘rinni egallagani ta’kidlandi. Mavjud klasterni kengaytirish uchun yana $70 mln yo‘naltirish taklif etildi.

Prezident sun’iy intellekt yechimlari samaradorligi sifatli ma’lumotlar bazasiga bog‘liqligini qayd etib, vazirlik va idoralardagi ma’lumotlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning ishonchliligi va o‘zaro muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Joriy yilning o‘zida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt asosidagi loyihalar sonini 100 tadan oshirish, tibbiyot, energetika, transport, bojxona, huquqiy xizmatlar, jamoat xavfsizligi, ekologiya va geologiya yo‘nalishlarida yangi yechimlarni joriy etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, IT Park rezidentlari, startaplar va 20 dan ortiq sun’iy intellekt laboratoriyalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, yil yakunigacha ushbu yo‘nalishdagi rezidentlar sonini 300 taga, xizmatlar hajmini 2 trln so‘mga, eksportni esa $160 mlnga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirgacha 1,5 mln nafardan ortiq foydalanuvchi sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus sertifikat olgan.

Kelgusi ikki yilda “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasini to‘liq amalga oshirish vazifasi belgilandi.

Prezident mutasaddilarga hisoblash quvvatlarini oshirish, amaliy loyihalarni ko‘paytirish, sifatli ma’lumotlar bazasini yaratish, iqtidorli yoshlar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.


Avvalroq Spot prezident energiya resurslaridan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirgani haqida yozgandi.