Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Silk Road Finance & Technology Forum anjumanida O‘zbekistonning 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan fintexni rivojlantirish milliy strategiyasi joriy etilishini e‘lon qildi.

Ishmetov forumga 74 mamlakatdan ishtirokchilar yig‘ilganini ta‘kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fintex allaqachon rivojlanishning dastlabki bosqichidan o‘tib, jahon moliya tizimining muhim qismiga aylangan. O‘tgan yili jahon fintex sektori qariyb $500 mlrd daromad olib, 22% ga o‘sdi, bu an‘anaviy moliya kompaniyalarining o‘sish sur‘atidan to‘rt baravar yuqoridir. Ayni paytda eng yirik fintex kompaniyalarning 75%i allaqachon foyda ko‘rib ishlamoqda.

Markaziy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo hozircha jahon fintex investitsiyalarida nisbatan kichik ulushga ega. 2023-yilda mintaqadagi venchur moliyalashtirishning umumiy hajmi taxminan $320 mlnni tashkil etdi. Shu bilan birga, Ishmetov mintaqaning yosh aholisi, raqamlashtirishning o‘sib borayotgani va moliyaviy infratuzilmaning rivojlanishi tufayli salohiyati yuqori ekanini qayd etdi.

“Ko‘lamning o‘zi yetarli emas. Maqsad texnologiyalarni joriy etish va tranzaksiyalar o‘sishini barqaror iqtisodiy qiymatga, raqobatga hamda moliya tizimining yana-da kengroq rivojlanishiga aylantirishdan iborat bo‘lishi kerak”, — dedi u.

fintex, markaziy bank, markaziy osiyo, strategiya, timur ishmetov

O‘zbekistonda nimalar bo‘lmoqda?

Ishmetov O‘zbekistonda to‘lovlarning 57%i allaqachon naqd pulsiz ekanini va bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etayotganini ma‘lum qildi. Iqtisodiyotning yarmidan ko‘pi kichik va o‘rta biznes hissasiga to‘g‘ri keladi, shu bois tadbirkorlarning moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Markaziy bank rahbari bir yil avval prezident fintex sohasini rivojlantirishni jadallashtirish va moliyaviy innovatsiyalar uchun yana-da qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriq berganini ta‘kidladi. Belgilangan maqsadlarga muvofiq, 2030-yilgacha sohaga $1 mlrd xorijiy sarmoya jalb etish va 5 ming nafar yosh mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.

Markaziy bank fintexni rivojlantirish bo‘yicha birinchi milliy strategiyani ishlab chiqib bo‘ldi va me‘yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishda davom etmoqda. Xususan, innovatsion moliyaviy mahsulot va xizmatlarni, jumladan, xalqaro hamkorlarning yechimlarini sinovdan o‘tkazish imkonini beruvchi tartibga soluvchi “qumloq” kengaytirilmoqda.

“Biz o‘zimizning birinchi milliy fintex strategiyamizni ishlab chiqdik va uning atrofidagi me‘yoriy-huquqiy bazani mustahkamlayapmiz. […] U sohani innovatsiyalarga, mutanosib tartibga solishga, zamonaviy moliyaviy infratuzilmaga, iqtidorlar va kapitalga yo‘l ochishga yo‘naltirilgan yagona milliy tizim doirasida birlashtiradi hamda O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda fintexning o‘sishi uchun darvoza sifatida namoyon etadi”, — dedi Ishmetov.

fintex, markaziy bank, markaziy osiyo, strategiya, timur ishmetov

Besh ustuvor yo‘nalish

Markaziy bank raisi fintex-ekotizimni rivojlantirishning beshta asosiy yo‘nalishini ajratib ko‘rsatdi.

Birinchisi — Bozor, ya‘ni tadbirkorlar va innovatsiyalar uchun shunday sharoitlar yaratishki, bunda dasturchilar o‘z yechimlarini bozorga tezroq olib chiqib, ilk mijozlarini topa olsin.

Ikkinchisi — Silk Road corridor. Bu mintaqaviy moliyaviy bog‘liqlikni rivojlantirish demakdir: Markaziy bank Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi to‘lov aloqalarini kuchaytirish va chegaralar osha moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish niyatida. Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, raqamli moliya geografik masofaning ahamiyatini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

Uchinchisi — Saroy, ya‘ni zamonaviy moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish. O‘zbekistonda allaqachon UzQR milliy QR-tizimi faoliyat yuritmoqda, ochiq banking va to‘lov standartlari uchun API yaratilmoqda.

fintex, markaziy bank, markaziy osiyo, strategiya, timur ishmetov

“Maqsadimiz — raqobatni kuchaytirish, iste‘molchilar uchun tanlovni kengaytirish hamda ma‘lumotlardan xizmatlar sifatini yaxshilash uchun xavfsiz va mas‘uliyat bilan foydalanish mumkin bo‘lgan moliyaviy ekotizim yaratishdir”, — dedi Ishmetov.

Shuningdek, Markaziy bank mablag‘lar bir necha soniya ichida o‘tkaziladigan account-to-account modeli bo‘yicha oniy to‘lovlarni rivojlantirmoqda. Bundan tashqari, regulyator sun‘iy intellektdan foydalangan holda muqobil kredit skoringining o‘z modelini yaratdi.

To‘rtinchi yo‘nalish — Observatory, ya‘ni raqamli aktivlar va pulning yangi shakllarini o‘rganish. Ishmetov ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha Markaziy bank hozircha tadqiqot va ishlanmalar bosqichida ekanini, shu sababli yondashuv bosqichma-bosqich va dalillarga asoslangan bo‘lishini ta‘kidladi.

fintex, markaziy bank, markaziy osiyo, strategiya, timur ishmetov

Beshinchisi — Madrassa, ya‘ni kadrlar tayyorlash. O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi qariyb 29 yoshni tashkil etadi, shu bois, Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, demografik salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun ko‘nikmalar va inson kapitaliga sarmoya kiritish zarur.

Ishmetov ayollarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi yutuqlarni alohida qayd etdi: bank hisobvaraqlariga ega ayollar ulushi 39% dan 61% ga oshgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston investitsiya darajasidagi kredit reytingini olib, JSTga a‘zo bo‘lishni yakunlamoqchi ekani haqida yozgandi.