Migratsiya agentligi noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilashni taklif qilmoqda. Tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyiha bilan Jinoyat kodeksini yangi 223¹-modda — “Noqonuniy migratsiyani tashkil etish” bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra, iqtisodiy manfaat ko‘rish maqsadida qonunchilikda belgilangan migratsiyani tashkil etish tartibini buzib, noqonuniy migratsiyani tashkil etish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, transport vositasi yoki turar joy taqdim etish orqali chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yoxud O‘zbekiston fuqarolarini belgilangan tartibni buzgan holda mamlakatga olib kirish, davlat chegarasidan olib o‘tish yoki chet elga olib chiqish bilan bog‘liq faoliyat uchun ham javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Bunga O‘zbekiston hududi orqali boshqa davlatga noqonuniy o‘tish yoki mamlakatdan chiqib ketishga qaratilgan faoliyatni tashkil etish, unga rahbarlik qilish yoxud ko‘maklashish ham kiradi.

Mazkur harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi taklif etilmoqda.

Agar ushbu harakatlar ko‘p miqdorda, bir guruh yoki mansabdor shaxslar tomonidan, takroran yoxud xavfli retsidivist tomonidan, shuningdek, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Harakatlar juda ko‘p miqdorda, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan usulda sodir etilsa yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish kiritilib, noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlarning dastlabki tergovini ichki ishlar organlariga biriktirish taklif etilmoqda.

Loyiha mualliflariga ko‘ra, o‘zgartirishlar noqonuniy migratsiya sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta‘minlash hamda milliy qonunchilikni zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda takomillashtirishga xizmat qiladi.

Qonun qabul qilinsa, rasmiy e‘lon qilingan kundan kuchga kiradi. Hujjat muhokamasi 8-sentabrga qadar davom etadi.

Spot, avvalroq, propiskaga qo‘yish va bolalarga zagranpasport olish uchun onlayn rozilik berish imkoni yaratilishi haqida yozgandi.