O‘zbekistonda migratsiya xizmatlari uchun masofadan elektron rozilik berish tizimi ishga tushiriladi. Ichki ishlar vazirligi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan migratsiya va personallashtirish sohasida boshqa shaxsning roziligi talab qilinadigan davlat xizmatlari uchun E-Rozilik platformasini ishga tushirish taklif qilinmoqda.

Yangi tizim orqali fuqaroning shaxsi Pasport-viza axborot tizimidagi Face-ID yoki MyID xizmatlari yordamida masofadan tasdiqlanadi. Platformaning bir qismi Pasport-viza avtomatlashtirilgan axborot tizimi tarkibida, ikkinchi qismi esa Passport-visa mobil ilovasida alohida modul sifatida ishlaydi.

Unda rasmiylashtirilgan elektron rozilik O‘zbekiston hududida qog‘oz shaklidagi rozilik bilan tenglashtiriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar platforma orqali quyidagi davlat xizmatlari uchun bir martalik elektron rozilikni rasmiylashtirib olishlari mumkin bo‘ladi:

  • voyaga yetmaganlarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ota-onalari yoki vasiylar (homiylar)ning roziligini olish;
  • 15−18 yoshdagi voyaga yetmaganlarning mustaqil ravishda chet elga chiqishlariga rozilik berish;
  • 16 yoshga to‘lmagan bolalarga ID-karta rasmiylashtirish uchun ota-ona yoki qonuniy vakilining roziligini olish;
  • O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy fuqarolar va yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar nomidan migratsiya organlariga hujjat topshirish va olish bo‘yicha rozilik berish (fuqarolikka oid ma’lumotnomalar, fuqarolikni qabul qilish yoki undan chiqish, taklifnoma javobi);
  • fuqarolikdan chiqishda ota-ona va turmush o‘rtog‘idan rozilik olish;
  • fuqarolikni qabul qilishda fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ota-onasidan biri yoki ikkalasi ham chet el fuqarolari bo‘lgan taqdirda ularning roziligini olish;
  • fuqarolar, xorijiy fuqarolar hamda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlar nomidan hujjat topshirish va olishda rozilik berish;
  • turgan joyi yoki yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish va ro‘yxatdan chiqarishda uy-joy egasi yoki manfaatdor shaxslarning roziligini olish;
  • xorijga doimiy yashash uchun chiqishda ota-ona va turmush o‘rtog‘ining roziligini olish;
  • xonadonda turgan yoki yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda turuvchi shaxslar haqida ma’lumot (17-shakl) olishda uy-joy egasining roziligini olish;
  • xususiy sektorda chet el fuqarolarini vaqtincha ro‘yxatga qo‘yishda uy-joy egasining roziligini olish;
  • bank taqiqi mavjud bo‘lgan uy-joyga yashash yoki turgan joy bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun bank roziligini olish va boshqalar.

Elektron rozilikni Passport-visa mobil ilovasi orqali rasmiylashtirish uchun BHMning 50% (206 ming so‘m), migratsiya bo‘limiga shaxsan murojaat qilganda esa BHMning 30% (123 600 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

To‘langan yig‘imning asosiy qismi IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga, qolgan qismi esa davlat budjetiga yo‘naltiriladi.

Xizmatdan foydalanishda rozilik beruvchi E-Rozilik platformasida ro‘yxatdan o‘tib, elektron talabnomani to‘ldiradi. Shaxs Face-ID orqali tasdiqlangach, tizim elektron rozilikni avtomatik shakllantiradi. Rozilik oluvchi bu haqda mobil ilovadagi shaxsiy kabinet yoki SMS orqali xabardor qilinadi.

Elektron rozilik 1 oygacha amal qiladi. Davlat xizmatlari ko‘rsatilayotganda uning mavjudligi axborot tizimi orqali avtomatik tekshiriladi. Rozilik beruvchi davlat xizmati ko‘rsatilguniga qadar istalgan vaqtda elektron rozilikni bekor qilishi mumkin, biroq buning uchun to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, IIV platformani ishlab chiqish, joriy etish va uzluksiz ishlashini ta’minlash, Adliya vazirligi esa Vakolat.uz platformasi bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yishi belgilangan. Loyiha bo‘yicha muhokamalar 5-avgustga qadar davom etadi.

Avvalroq Spot Yagona portalda virtual to‘lov kartalarini ochish imkoniyati yaratilishi haqida yozgan edi.