ChatGPT’da PIN-kod bilan himoyalangan “maxfiy chatlar” paydo bo‘ladi, deya xabar bermoqda Android Authority nashri.

Android uchun ChatGPT ilovasining 1.2026.230 versiyasida himoyalangan chatlar haqidagi ma’lumotlar aniqlangan.

Yangi funksiya ayrim suhbatlarni o‘chirmasdan yashirish va ularga PIN-kod yoki barmoq izi orqali kirishni cheklash imkonini beradi.

Hozirda ChatGPT’da ikki xil suhbat rejimi mavjud: tarixda saqlanadigan oddiy chatlar va sessiya yakunlangach saqlanmaydigan Temporary Chat (Vaqtinchalik chatlar).

Yangi rejim vaqtinchalik chatlarning asosiy kamchiligi — ularga keyinchalik qaytib bo‘lmasligini bartaraf etadi.

Himoyalangan suhbatlar foydalanuvchi akkauntida saqlanadi, ammo yon panel, chat tarixi va qidiruv natijalarida ko‘rinmaydi.

chatgpt, maxfiy chat

Koddagi ma’lumotlarga ko‘ra, bunday chatni ochish uchun qo‘shimcha autentifikatsiyadan o‘tish talab etiladi. Suhbat ochilgandan keyin ham himoya avtomatik ravishda olib tashlanmaydi — foydalanuvchi uni o‘zi o‘chirguniga qadar saqlanib qoladi.

Himoyalangan chatlar uchun alohida xotira sohasi ham bo‘ladi. Ular ChatGPT’ning oddiy suhbatlarda saqlangan ma’lumotlaridan foydalanishi mumkin.

Biroq himoyalangan chatlarda olingan yangi ma’lumotlar boshqa suhbatlarda ishlatilmaydi. Bu ma’lumotlar faqat himoyalangan chatlar ichida mavjud bo‘ladi.

Funksiya umumiy qurilmadan foydalanadigan va ChatGPT bilan shaxsiy, ish yoki moliyaviy masalalarni muhokama qiladigan, bunday suhbatlarning chatlar tarixida ko‘rinishini istamaydigan foydalanuvchilar uchun foydali bo‘lishi mumkin.


Avvalroq Spot OpenAI o‘smirlar uchun alohida ChatGPT versiyasini ishga tushirgani haqida yozgandi.

Versiya 13−17 yoshdagi o‘smirlar uchun kuchaytirilgan xavfsizlik qoidalari va ota-onalar uchun qo‘shimcha nazorat vositalari joriy etilgan.