OpenAI 13−17 yoshdagi o‘smirlar uchun alohida ChatGPT for Teensni ishga tushirdi, deya xabar bermoqda The Guardian.
ChatGPT for Teens oddiy ChatGPT’dan butunlay boshqa dastur emas. Asosiy farq — o‘smirlar uchun kuchaytirilgan xavfsizlik qoidalari va ota-onalar uchun qo‘shimcha nazorat vositalari joriy etilgan. 13−17 yoshdagi foydalanuvchilar tizim tomonidan o‘smir sifatida aniqlansa, avtomatik ravishda shu rejimga o‘tkaziladi.
OpenAI o‘smirlar uchun o‘z joniga qasd qilish va o‘ziga zarar yetkazish, jinsiy mazmundagi suhbatlar va rolli o‘yinlar, zo‘ravonlik va grafik kontent, xavfli xatti-harakatlar, ovqatlanish buzilishlarini rag‘batlantiruvchi materiallar hamda ChatGPT’ga nosog‘lom hissiy bog‘liqlikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan muloqotlarga nisbatan qat’iyroq himoya choralarini qo‘llaydi.
Masalan, tizim o‘smir bilan romantik yoki jinsiy mazmundagi rolli o‘yinlarda ishtirok etmasligi, o‘zini insondek ko‘rsatmasligi va foydalanuvchida ChatGPT’ga kuchli hissiy bog‘liqlikni shakllantirmasligi kerak.
OpenAI ota-onalar uchun alohida nazorat tizimini ham kengaytirmoqda. Ota-ona o‘z akkauntini o‘smirning akkauntiga bog‘lab, ayrim sozlamalarni boshqarishi mumkin.
Jumladan:
- “Quiet hours” — ChatGPT’dan foydalanish mumkin bo‘lmagan vaqtlarni belgilash;
- ayrim funksiyalarni o‘chirib qo‘yish;
- o‘smirning ChatGPT’dan foydalanish tajribasini yoshiga moslashtirish;
- tizim o‘ta og‘ir ruhiy holat yoki jiddiy xavf belgilarini aniqlagan ayrim holatlarda ota-onaga xavfsizlik xabari yuborish.
Bunda OpenAI ota-onaga o‘smirning barcha suhbatlarini ko‘rsatishni maqsad qilmagan. Kompaniya xavf yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga e’tibor qaratish va bolaning shaxsiy hayotini imkon qadar saqlashga urg‘u bermoqda.
Bu yangilikning eng muhim jihatlaridan biri — yoshni avtomatik aniqlash. OpenAI foydalanuvchining 18 yoshdan kichik yoki katta ekanini taxmin qilish uchun yoshni aniqlash tizimidan foydalanmoqda.
Agar tizim foydalanuvchini voyaga yetmagan deb hisoblasa yoki uning yoshiga ishonchi komil bo‘lmasa, xavfsizroq variant sifatida o‘smirlar uchun mo‘ljallangan himoya rejimini qo‘llaydi.
18 yoshga to‘lgan foydalanuvchilar esa bosqichma-bosqich kattalar akkauntiga o‘tkaziladi. Ayrim hollarda yoshni tasdiqlash talab qilinishi mumkin.
Bu qaror SI chat-botlarining o‘smirlarning ruhiy holatiga ta’siri haqidagi xavotirlar kuchaygan bir paytda qabul qilindi.
Xususan, 2025-yilda AQSHda bir o‘smirning oilasi OpenAI’ni sudga bergan va ChatGPT bolaning ruhiy inqirozi vaqtida yetarli darajada xavfsiz javob bermaganini da’vo qilgan edi. Bu voqea kompaniyaning voyaga yetmaganlar bilan ishlash siyosatiga jiddiy e’tibor qaratishiga sabab bo‘lgan.
Shundan keyin OpenAI o‘smirlar uchun alohida U18 tamoyillari, yoshga mos xavfsizlik qoidalari va ota-ona nazoratlarini ishlab chiqdi.
OpenAI’ning pozitsiyasiga ko‘ra, maqsad o‘smirlarni ChatGPT’dan butunlay chetlashtirish emas, balki undan o‘qish, ijod qilish, ma’lumot izlash va tanqidiy fikrlashni rivojlantirish uchun xavfsizroq foydalanish imkonini berishdir.
Avvalroq Spot ChatGPT’ning bepul versiyasida matn cheklovlari bekor qilinishi haqida yozgandi.
Biroq foydalanuvchilar uchun tasvir yaratish, fayl yuklash va ovozli funksiyalardagi limitlar saqlanib qoladi.