OpenAI ChatGPT’ning bepul versiyasi imkoniyatlarini kengaytirdi, deya xabar berdi CNet nashri.
Endilikda foydalanuvchilar pullik obuna rasmiylashtirmasdan cheksiz miqdorda matnli so‘rov yuborishi mumkin.
Avval bepul foydalanuvchilar kunlik limit tugagach cheklovlarga duch kelardi. Endi bu cheklovlar matnli chatlar uchun, jumladan Go tarifida ham bekor qilinadi. Biroq tasvir yaratish, fayl yuklash va ovozli funksiyalar uchun limitlar saqlanib qoladi.
Shuningdek, OpenAI standart modelni yangiladi. Endi bepul foydalanuvchilar va Go obunachilari GPT-5.6 Luna modelidan foydalanishi mumkin.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, u GPT-5.5 Instant’ga nisbatan 62% kamroq faktik xatolarga yo‘l qo‘yadi.
Bundan tashqari, ular uchun “O‘yla” (Think) tugmasi ham paydo bo‘ladi. Bu funksiya modelga murakkab so‘rovlarni ko‘proq vaqt tahlil qilib, batafsilroq javob berish imkonini yaratadi.
Oyiga $20 va $200 turadigan Plus hamda Pro obunachilari esa GPT-5.6 Sol modelidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
OpenAI’ga ko‘ra, u ma’lumot izlash, matn yozish, rejalashtirish va qaror qabul qilish kabi kundalik vazifalarni yanada sifatli bajaradi.
Foydalanuvchilar maxsus slayder orqali modelning hisoblash quvvatini oddiy rejimdan yanada kuchli variantlargacha sozlashi mumkin.
GPT-5.6 Luna yangilanishi shu hafta tarqatila boshlaydi. Cheksiz chatlar, “O‘yla” tugmasi va quvvat sozlamalari esa kelasi hafta bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Avalroq Spot Malta aholisi bir yil davomida ChatGPT Plus’ni bepul oladigan ilk davlat bo‘lgani haqida yozgandi.
Undan bepul foydalanmoqchi bo‘lganlar onlayn tizimdan ro‘yxatdan o‘tishi va SI bo‘yicha bepul onlayn kursni tamomlashi kerak.