OpenAI va Malta “AI for All” dasturi doirasida hamkorlik kelishuvini imzoladi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, bepul sun’iy intellekt kursini tamomlagan har bir Malta fuqarosi bir yilga ChatGPT Plus obunasini oladi.
Dastur may oyida ishga tushadi va dunyoda ilk bor bir davlat o‘z fuqarolariga ChatGPT’ning pullik versiyasidan foydalanish imkonini beradi. Kelishuvning moliyaviy tafsilotlari oshkor qilinmagan.
Bu tashabbus OpenAI’ning “OpenAI for Countries” strategiyasining bir qismi bo‘lib, kompaniya davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilmoqda. Malta esa bunday milliy miqyosdagi dasturga qo‘l urgan ilk davlat bo‘ldi.
“AI for All” dasturi ikki bosqichdan iborat. Avval Malta aholisi mamlakatning Raqamli innovatsiyalar boshqarmasi va Malta universiteti ishlab chiqqan bepul onlayn SI kursini o‘taydi.
Kurs har qanday tayyorgarlik darajasidagi odamlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, sun’iy intellekt imkoniyatlari va undan xavfsiz foydalanishni tushuntiradi.
Kursni tugatganlarga davlat hisobidan bir yillik ChatGPT Plus obunasi beriladi. Kirish milliy elektron identifikatsiya tizimi orqali amalga oshiriladi.
Dastur nafaqat orolda yashovchilar, balki xorijda istiqomat qilayotgan Malta fuqarolari uchun ham ochiq.
Aholisi qariyb 550 ming bo‘lgan Malta Yevropadagi eng kichik davlatlardan biri hisoblanadi. Shu sababli raqamli dasturlarni bu yerda joriy qilish yirik davlatlarga qaraganda osonroq.
Malta avval ham kriptovalyutalar bo‘yicha qonunchilikni ilk qabul qilgan davlatlardan biri bo‘lgan va endi SI sohasida ham shunday yo‘l tutmoqda.
Malta iqtisodiyot vaziri Silvio Schembrining aytishicha, dastur orqali har bir fuqaroga raqamli dunyoda kerak bo‘ladigan ko‘nikma va ishonchni shakllantirish imkoniyati beriladi.
Avvalroq Spot OpenAI ChatGPT’ga shaxsiy moliyani boshqarish funksiyalarini qo‘shgani haqida yozgandi.
Hozirda u AQSHdagi alohida Pro obunachilari uchun sinov rejimida ishlamoqda. Keyinchalik Plus obunachilari uchun taqdim qilinadi.