O‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni 5 mln donaga yaqinlashdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari ma’lum qildi.

2026-yil 1-iyul holatiga, O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli 4 mln 982 ming 516 ta avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarining asosiy qismini yengil avtomobillar tashkil etadi — 4 mln 618 ming 719 ta.

Shuningdek, 343 375 ta yuk avtomobili, 7 508 ta mikroavtobus, 7 128 ta maxsus transport vositasi va 5 786 ta avtobus mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hududlar kesimida eng ko‘p avtotransport vositasi Toshkent shahrida — 637 ming 706 ta qayd etilgan.

Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 573 ming 472 ta, Samarqand viloyati — 563 ming 72 ta, Qashqadaryo viloyati — 457 ming 457 ta va Toshkent viloyati — 476 ming 148 ta bilan qayd etilgan.

Eng kam ko‘rsatkich esa Sirdaryo viloyatida — 110 ming 122 ta. Jizzaxda 145 ming 392 ta, Navoiyda 156 745 ta va Qoraqalpog‘istonda 220 882 ta avtotransport vositasi ro‘yxatga olingan.

Shuningdek, Andijonda 381 ming 421 ta, Buxoroda 309 ming 391 ta, Namanganda 336 ming 810 ta, Surxondaryoda 325 ming 980 ta, Xorazmda 287 ming 918 ta avtomobil va boshqa transport vositalari jismoniy shaxslar nomida qayd etilgan.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda iyul oyida avtomobil savdosi 30% ga kamaygani haqida yozgandi.

Yetti oyda 210 837 dona avtomobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 7940 dona yoki 3,6%ga kamdir.