2026-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonda 210 837 dona avtomobil sotildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 940 dona yoki 3,6% kam.
Bozordagi salbiy dinamika ketma-ket to‘rtinchi oy davom etmoqda, deya xabar berdi Avtomobil biznesi assotsiatsiyasi o‘z statistik hisobotida.
Iyul oyida 31 324 dona avtomobil sotildi. Bu iyun oyiga nisbatan 4,7% ko‘p, biroq 2025-yil iyul oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 30% kam.
Shu bilan birga, avtomobil bozoridagi nisbatlar ham o‘zgarib bormoqda. UzAuto Motorsning bozor ulushi bir yil ichida 81,5% dan 74,6% gacha kamaydi.
ADMning bozor ulushi esa 11,3% dan 12,8% gacha oshdi. ADM portfelida Kia ulushi 0,7%, Haval 0,5% va Changan 0,3% ga oshdi. BYD esa bozor ulushini deyarli ikki baravar oshirib, 5,6% dan 10% gacha yetkazdi.
Yanvar-iyul yakunlariga ko‘ra, Xitoy avtomobil brendlarining umumiy bozor ulushi 17,8% ni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 11,6% edi.
Iyul oyida, iyunga nisbatan, Kia va BYD o‘z bozor ulushini 1,8% ga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Haval ulushi esa 0,4% ga oshdi. Chevrolet (-3,6%) va Chery (-0,9%) bozor ulushida eng katta qisqarishni qayd etdi.
2026-yilning asosiy tendensiyalaridan biri B-segment sedanlari savdosining qisqarishi bo‘ldi. Yanvar-iyul oylarida ushbu segmentda 70 mingdan ortiq avtomobil sotildi.
O‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 87 ming donani tashkil etgan. Natijada B-segment sedanlarining bozor ulushi 40% dan 34% gacha kamaydi.
Yengil tijorat avtomobillari (LCV) segmentida ham sotuvlar hajmining qisqarishi kuzatildi. Yanvar-iyul oylarida 62,8 ming dona LCV sotilgan bo‘lsa, 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 69,5 ming donani tashkil etgan. Natijada sotuvlar 9,6% ga qisqardi.
Shu bilan birga, ixcham krossoverlar segmentidagi ixcham krossoverlarga talab ortib bormoqda. 2026-yilning dastlabki yetti oyida 47,9 ming dona ixcham krossoverla sotildi.
O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 37,7 ming dona edi. Natijada B-SUV segmentining bozor ulushi 5,5% ga oshib, 22,7% ga yetdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda joriy yilning birinchi yarmida turli rusumdagi 235,7 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgani haqida yozgandi.