O‘zbekiston avtomobil sanoati joriy yilning birinchi yarmida turli rusumdagi 235,7 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqardi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
2025 yilning shu davriga nisbatan ishlab chiqarish hajmi 12,8% ga oshgan. May oyida konveyerdan 41,6 mingta avtomobil chiqdi (o‘tgan yilning mayiga nisbatan 16,1% ko‘p), iyun oyida esa 45,3 mingta avtomobil ishlab chiqarildi (20% ga o‘sish).
Cobalt mamlakatdagi eng ommabop avtomobil bo‘lib qolmoqda. Asaka zavodida olti oy davomida ushbu rusumdagi 82 951 dona avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 13,4% ga ko‘p.
Sedan ishlab chiqarishning eng yuqori ko‘rsatkichi may oyida qayd etilib, 15,5 ming dona avtomobil ishlab chiqarilgan (9,5% o‘sish). Biroq iyun oyida ishlab chiqarish biroz kamayib, 13 649 donani tashkil etgan (3,9% pasayish).
Ikkinchi o‘rinda Damas turibdi. Yilning dastlabki olti oyida ushbu rusumdagi 42 663 dona avtomobil ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,24% ga kam.
May oyida Damas ishlab chiqarish aprelga nisbatan 1% ga oshib, 6 917 donani tashkil etdi. Biroq bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mayiga nisbatan 21,4% ga past. Iyun oyida esa ishlab chiqarish so‘nggi davr ichida ilk bor yillik hisobda o‘sishni qayd etib, 7 394 donaga yetdi (2,1% o‘sish).
Eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobillar uchligini Tracker yakunlab turibdi. Olti oy davomida ushbu modeldan 23 249 dona ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,76% ga ko‘p.
May oyida Tracker ishlab chiqarish 4 001 donani tashkil etib, o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 0,35% ga oshgan. Iyun oyida esa 4 730 dona avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgi 4 768 dona ko‘rsatkichdan 0,8% ga kam.
Onix sedanini ishlab chiqarish bir yil ichida 8,4% ga oshib, 18 715 donani tashkil etdi. O‘sish asosan 2025 yilga nisbatan ishlab chiqarish hajmining keskin ko‘payishi hisobiga ta’minlandi — may oyida deyarli 3 barobar, iyun oyida esa 3,4 barobar ko‘p avtomobil ishlab chiqarildi.
Shuningdek, Milliy statistika qo‘mitasi ilk bor Damas Move miniveni ishlab chiqarilishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi. Mazkur modelning seriyali ishlab chiqarilishi fevral oyida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, UzAuto Motors to‘rt oy davomida undan 600 dona ishlab chiqargan.
Boshqa avtomobil brendlari orasida ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yetakchilikni Kia saqlab qolmoqda. Yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonda Janubiy Koreya brendining 15 184 dona avtomobili ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29% ga ko‘p.
May oyida ishlab chiqarish aprel oyidagi pasayishdan so‘ng tiklanib, 2 246 donani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mayiga nisbatan 61% ga ko‘p. Iyun oyida esa ishlab chiqarish hajmi 4 ming donadan oshib, may oyiga nisbatan deyarli ikki barobar, o‘tgan yilning iyuniga nisbatan esa 2,4 barobar ko‘paydi.
Shu bilan birga, eng yuqori o‘sish sur’atini BYD namoyish etishda davom etmoqda. Yil boshidan buyon ushbu brend avtomobillari ishlab chiqarishi 90% dan ortiq oshgan. Jizzaxdagi zavodda olti oy davomida 13 405 dona BYD avtomobili ishlab chiqarilgan.
BYD may va iyun oylarida ham 2025 yilning shu davriga nisbatan ikki barobardan ortiq o‘sishni qayd etdi. Biroq may va iyun oylari o‘zaro solishtirilganda o‘sish sur’ati sekinlashdi — mos ravishda 3 109 va 3 285 dona avtomobil ishlab chiqarildi.
Haval ishlab chiqarish hajmini yilning birinchi yarmida 43% ga oshirib, 5 061 donaga yetkazdi. Xususan, may oyida ishlab chiqarish ikki barobar ko‘payib 613 donani, iyun oyida esa uchdan ikki qismga o‘sib 1 023 donani tashkil etdi.
Chery esa joriy yilda ilk bor o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan oshishga erishdi. Olti oy davomida 4 384 dona avtomobil ishlab chiqarilib, bu o‘tgan yilga nisbatan 6,1% ga ko‘p.
Bunga iyun oyidagi keskin o‘sish sabab bo‘ldi — ishlab chiqarish 1 228 donaga yetib, may oyiga nisbatan 2,1 barobar, o‘tgan yilning iyuniga nisbatan esa 60% ga oshdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda iyun oyida avtomobil savdosi 18%ga oshgani yozgandi.
Bir oyda avtomobil bozori hajmi 80,2 mingdan oshdi. Elektromobillar savdosi esa may oyiga nisbatan 63,5%ga ko‘paydi.