Iyun oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida savdo hajmi 80,2 mingdan oshib, may oyiga nisbatan 18%ga ko‘paydi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma‘lum qildi (nusxasi Spot‘da mavjud).

Hududlar kesimida avtomobil savdosi deyarli barcha viloyatlarda o‘sdi. Faqat Jizzax viloyatida ko‘rsatkich 2,2%ga kamaygan.

Eng yuqori o‘sish Surxondaryo (33,7%), Xorazm (32,6%), Sirdaryo (29%), Samarqand (28,3%), Qashqadaryo (26,2%) va Andijon (26%) viloyatlarida qayd etildi. Toshkent shahrida esa savdo hajmi bir oyda 9%ga oshib, 17,9 mingtani tashkil etdi.

Iyun oyida yengil avtomobillar savdosi 61,4 mingtaga yetib, may oyiga nisbatan 14%ga oshdi. Yangi yengil avtomobillar savdosi 11%ga ko‘payib, 24 mingtani tashkil etdi.

Shundan mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi 12%ga o‘sib, 18,8 mingtaga, import qilingan yangi avtomobillar savdosi esa qariyb 7%ga oshib, 5,1 mingtaga yetdi. Foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi bir oyda 16%dan ortiq o‘sib, 37 mingdan oshdi.

2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, yangi yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,5%ga oshib, 157 mingtani tashkil etdi. Ikkilamchi bozorda esa savdo hajmi qariyb 240 mingta bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18%ga kamaydi.

Iyun oyida elektromobillar savdosi 8,4 mingtani tashkil etib, may oyiga nisbatan 63,5%ga oshdi. Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra esa 40 mingdan ortiq elektromobil sotildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40% ko‘p.

Elektromobillar savdosi faolligi hududlarning aksariyatida oshgan bo‘lsa, pasayish faqat Sirdaryo viloyatida (2,9%) qayd etildi. Eng yuqori o‘sish Jizzax (101%), Buxoro (64,6%) va Farg‘ona (58,5%) viloyatlarida kuzatildi.

Iyun oyida elektromobillar savdosining qariyb 63%i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda elektromobil savdosi may oyiga nisbatan 78%ga oshib, 5,3 mingtaga yetdi.

Spot, avvalroq, Sergeli avtomobil bozorida nimalar o‘zgargani haqida yozgandi.